Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 8-fevraldagi PQ-118-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahsli va ziddiyatli holatlarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-aprel,
173-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 2-bandning yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“maxsus moslamalar — maxsus avtomatlashtirilgan audio, foto va video qayd etish texnika vositalari yoki koʻchma fotoradar va mobil komplekslar, alkotester, planshet hamda transport vositalari oynalari yorugʻlik oʻtkazuvchanligini oʻlchovchi (taumetr) maxsus texnik vositalar”.
2. 8-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. YPX xodimi tomonidan transport vositasi haydovchining hujjatlarini tekshirish uchun toʻxtatilganda, transport vositasi hujjatlarini tekshirish jarayonida aniqlangan barcha qoida buzilishlari boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda chora koʻriladi”.
3. 9-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. 12-bandning oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni, transport vositasida huquqbuzarlik sodir etib hodisa joyidan yashiringan, YPX xodimining qonuniy talabiga boʻysunmagan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (keyingi oʻrinlarda — MJTK) 291-moddasi birinchi qismining “a” bandiga koʻra transport vositasining haydovchisi ushbu Kodeks 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida), 901-moddasida, 125-moddasining uchinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida, 1251-moddasining ikkinchi qismida, 126-moddasida, 127-moddasining ikkinchi qismida, 1286-moddasida (agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa), 131-moddasida, 135-moddasida (transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi, haydovchilarning malaka oshirishdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikati yonida mavjud boʻlmaganligi hollari bundan mustasno), 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137-moddasida, 194-moddasida (ichki ishlar organi xodimining transport vositasini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaslik qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganda, shu bilan birga, qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa holatlarda transport vositalarini ushlab turish”.
5. 14-bandda:
uchinchi xatboshidagi “hamda” soʻzi “yoki” soʻzi bilan almashtirilsin;
oʻn yettinchi xatboshidagi “belgilangan harakatlanish tezligini oshirib,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
6. 18-bandda:
oʻn ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻn uchinchi — oʻn yettinchi xatboshilar tegishlicha oʻn ikkinchi — oʻn oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oʻn ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“eʼtirozlar mavjud boʻlsa, huquqbuzarlik toʻgʻrisida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng tegishli DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi)ga murojaat etib, oʻzi toʻxtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi toʻgʻrisidagi dislokatsiya haqida yozma maʼlumot berishni talab qilish”.
7. 6-bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6-bob. Yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarishda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi
25. Yoʻl harakati qatnashchilarining qoidalarga rioya etishini nazorat qilish maqsadida maxsus moslamalardan foydalaniladi.
26. YPX xodimlari tomonidan yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatini nazorat qilishda foydalaniladigan maxsus moslamalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtgan boʻlishi lozim.
27. Qoidalar buzilishining oldini olish uchun YPX xodimi patrul avtomobili, maxsus moslamalarni imitatsiya qiluvchi qurilmalar (maketlar, manekenlar) yordamidan foydalanishi mumkin.
28. Ruxsat etilmagan, sertifikatga ega boʻlmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud boʻlmagan maxsus moslamalardan foydalanish taqiqlanadi.
Bunda ruxsat etilmagan, sertifikatga ega boʻlmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud boʻlmagan tezlikni oʻlchash vositalari asosida rasmiylashtirilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar yuridik kuchga ega boʻlmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
29. Transport vositasining haydovchisi maxsus moslama qayd etgan koʻrsatkichdan norozi boʻlgan taqdirda, holat tegishli ravishda xolislar ishtirokida rasmiylashtiriladi.
1-§. Koʻchma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanish tartibi
30. Transport vositalarining oqimi va yoʻl sharoitini hisobga olgan holda, koʻchma fotoradar va mobil komplekslar biriktirilgan YPX xodimlari tomonidan ularning kunlik dislokatsiyasi belgilangan va maxsus moslamalardan tegishli tartibda foydalanish choralari koʻrilgan boʻlishi lozim.
31. Koʻchma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning koʻrsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni koʻrsatishi lozim.
32. YPX xodimlarining patrul avtomobillarida foydalanish belgilab qoʻyilgan tezlikni oʻlchash moslamalarini oʻzboshimchalik bilan yechib olishi va xizmatga aloqasi boʻlmagan boshqa shaxslarning (jismoniy yoki yuridik) transport vositalariga oʻrnatishi hamda xizmatni oʻtashga aloqador boʻlmagan fuqarolarni jalb qilishi qatʼiyan taqiqlanadi.
Mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega boʻlmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
33. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlashning avtomatlashtirilgan (kompyuterlashtirilgan) boshqaruv tizimi (keyingi oʻrinlarda — ABT deb ataladi) tarkibidagi yoʻl harakatini nazorat qilish hamda video kuzatish texnik vositalarining joylashuvi va ish tartibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadigan dislokatsiya bilan belgilanadi.
34. Koʻchma fotoradar va mobil komplekslarni qoʻllash joyi va vaqti DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻi tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyaga muvofiq belgilanadi.
35. Dislokatsiyaga asosan tezlikni oʻlchash vositasi bilan xizmatga jalb etilgan YPX xodimi hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimlari masʼul xodimidan tezlikni oʻlchash vositasini (mobil komplekslar bundan mustasno) va unga tegishli sertifikatni (yoki uning nusxasini) qabul qilib oladi va uning butligi, sozligi, belgilangan tartibda ishlatilishiga masʼul hisoblanadi.
36. YPX xodimi dislokatsiyaga asosan biriktirilgan hududga yetib borib, xizmatni boshlashidan oldin tezlik oʻlchash moslamasini foydalanish uchun tayyorlaydi, moslama xotirasiga uning oʻrnatilgan joyi, harakat yoʻnalishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib, xizmatga kirishadi.
2-§. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar taʼsiridan mast holatda ekanligini aniqlash uchun maxsus moslamadan foydalanish tartibi
361. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar taʼsiridan mast holatda ekanligini aniqlash YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester) yordamida qoidabuzarlik yuz bergan joyning oʻzida amalga oshirilishi mumkin.
362. Tekshiruv oldidan YPX xodimi haydovchini maxsus moslama (alkotester)ning ishlash tartibi bilan tanishtiradi, uning talabiga asosan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni koʻrsatadi.
363. Tekshiruv kamida ikki nafar xolis ishtirokida amalga oshiriladi, YPX xodimi tomonidan kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshiriladigan tekshiruvlar bundan mustasno. Kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshirilgan tekshiruv jarayoni aks etgan videotasvir ish materiallariga ilova qilinishi lozim.
364. Tekshiruv jarayonida YPX xodimi sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼi rioya etishi lozim.
365. Tekshiruv YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester) yordamida belgilangan tartibda transport vositasi haydovchisining ogʻiz boʻshligʻidan chiqarilgan havodagi etanol bugʻlar konsentratsiyasi miqdorini aniqlash orqali oʻtkaziladi.
366. Transport vositasi haydovchisining ogʻiz boʻshligʻidan chiqarilgan havodagi etanol bugʻlar konsentratsiyasi koʻrsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori boʻlgan hollarda, YPX xodimi haydovchiga nisbatan alkogolli ichimlik isteʼmol qilganligi holati yuzasidan MJTKning 131-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
367. Transport vositasi haydovchisi maxsus moslama (alkotester) yordamida tekshiruvdan oʻtishdan bosh tortgan yoxud unda alkotester orqali tekshiruv natijalariga eʼtiroz mavjud boʻlgan hollarda, YPX xodimi transport vositasini boshqarayotgan shaxsning mast holatda ekanligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalariga olib boradi.
368. Transport vositasi haydovchisi tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlagan taqdirda, YPX xodimi unga nisbatan MJTKning 136-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
3-§. Transport vositalari oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligini oʻlchovchi moslamadan foydalanish tartibi
369. Transport vositalarining tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalari belgilangan meʼyorlarga javob berishiga aniqlik kiritish uchun transport vositalari oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligini oʻlchovchi moslama (taumetr)dan foydalaniladi.
3610. Transport vositalari oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligini aniqlash YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (taumetr) yordamida qoidabuzarlik sodir boʻlgan joyning oʻzida amalga oshiriladi.
3611. Tekshiruv oldidan YPX xodimi transport vositasi haydovchisini maxsus moslama (taumetr)ning ishlash tartibi bilan tanishtiradi va uning talabi asosida moslamaning sertifikati (nusxasi)ni koʻrsatadi.
3612. Yorugʻlik oʻtkazuvchanligi tekshirilayotgan transport vositasining oynasi belgilangan standartlarga mos, toza va quruq boʻlishi lozim.
3613. Yorugʻlik oʻtkazuvchanligi belgilangan meʼyorlarga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositasi haydovchisiga nisbatan MJTKning 126-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)