Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PILLACHILIK SOHASINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Pillachilik sohasini yanada rivojlantirishni taʼminlash, ozuqa bazasini mustahkamlash va pilla yetishtirishni koʻpaytirish, pilla yetishtirishdan pillakorlarning moddiy manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2002—2010-yillar davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlari boʻyicha maxsus ajratilgan yer maydonlarida tut daraxtlari ekish va pilla yetishtirish boʻyicha topshiriq ilovaga* muvofiq belgilansin.
*Ilova berilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilangan topshiriqlarni bajarish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar, mavjud tut daraxtlari saqlanishini, yangi tutzorlar barpo etilishini hamda pillachilikda qishloq xoʻjaligi shirkatlari va fermer xoʻjaliklari tashkil etilishini taʼminlasinlar.
2. Belgilansinki:
“Oʻzbek ipagi” uyushmasi korxonalari belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma asosida pilla yetishtiruvchi korxonalarga (ularning roziligi bilan) avans hisobiga pilla yetishtirish uchun zarur moddiy-texnika resurslari va boshqa mahsulotlar, keyinchalik ular qiymatini tayyorlanadigan pilla uchun toʻlov summasiga oʻtkazgan holda, berish huquqiga egadir;
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklariga 2002-yildan boshlab har yili “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi korxonalariga pilla yetishtiruvchilar bilan avans toʻlovi va oʻzaro hisob-kitoblar uchun hisoblab chiqilgan ehtiyoj miqdorida, shu jumladan mart-aprel oylarida hisoblab chiqilgan summaning 50—70 foizi miqdorida, kreditlarni yil davomida qaytarish sharti bilan, maqsadli kredit resurslari ajratish tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “Oʻzbek ipagi” uyushmasiga “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan foydalangan holda, istisno tariqasida, 2002-yilda 150 ming quti va 2003-yilda — 160 ming quti ipak qurti urugʻini importdan keltirishga ruxsat berilsin, bunda ipak qurti urugʻi uchun xorijiy yetkazib beruvchiga ipak ip bilan haq toʻlanishi, “Oʻzbek ipagi” uyushmasi ular boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxonada rasmiylashtirganlik uchun yigʻimlardan tashqari) va qayta ishlash qiymatidan valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod qilinishi nazarda tutilsin.
5. “Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi har yili pilla yetishtiruvchi korxonalarga “Oʻzbek ipagi” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda hisoblab chiqadigan miqdorda “tut parvonasi”ga qarshi kurash vositalari ajratishni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi mineral oʻgʻitlar balanslarini tuzishda, 2003-yildan boshlab, “Oʻzbek ipagi” uyushmasiga tut daraxtlari koʻchatlari va ekish materiali yetishtirishda foydalanish uchun “Oʻzbek ipagi” uyushmasi tomonidan taqdim etiladigan buyurtmanomalarga muvofiq tutchilik xoʻjaliklariga mineral oʻgʻitlar yetkazib berish uchun limitlarni har yili alohida satrda ajratishni nazarda tutsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 4-son, 42-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
7. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada pillachilik sohasini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 3-apreldagi 144-son qarorining 12-bandi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Pillachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash va ipakchilik mahsulotlari yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 15-martdagi 96-son qarorining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari M.Z. Usmonov va T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 5-aprel,
118-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 4-son, 42-modda; 2004-y., 33-son, 370-modda; 37-son, 411-modda; 2007-y., 1-2-son, 13-modda; 2017-y., 21-son, 399-modda)