Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2021-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, hisobot davrida sanoat, qurilish, transport, energetika, uy-joy kommunal, geologiya va savdo sohalarini rivojlantirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalarini takomillashtirish, ijtimoiy-siyosiy hayotning muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament va deputat nazoratini amalga oshirishga Qoʻmita tomonidan alohida eʼtibor qaratilgan.
Oʻtgan davr mobaynida Qoʻmita transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan yaxshilashga, korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga, respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashga, uy-joy munosabatlarini hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 13 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlib, ularning barchasi qabul qilingan.
Qoʻmita davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining qonunlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilish holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqqan holda oʻrganib, mazkur oʻrganishlar yakunlari boʻyicha mansabdor shaxslarning axborotini 11-marta eshitgan.
Xususan, 2021-yil 23-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri oʻrinbosari Sh. Xashimovning “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish davomida qurilish tarmogʻini yanada takomillashtirish, arxitektura hamda qurilish organlari va muassasalarini izchil rivojlantirish mexanizmlarini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini taʼminlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilingan.
Shuningdek, Qoʻmita taklifi bilan 19-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Mahkamovga “Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish uchun transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida” hamda 10-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J. Qoʻchqorovga “Mamlakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida” parlament soʻrovlari yuborgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6186-sonli Farmonining ijrosi Samarqand viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganilgan. Uning yakunlari Qoʻmita yigʻilishida mutasaddi idoralarning rahbarlari ishtirokida koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Qoʻmita tomonidan qonun loyihalarini maromiga yetkazish va takomillashtirish, jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilish maqsadida 107-marta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita qonunlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarining, qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, sanoat, qurilish, transport, energetika, uy-joy kommunal, geologiya va savdo sohalaridagi mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqishga qaratilgan 1 ta konferensiya, 8 ta davra suhbati, 8 ta seminar tashkil etgan.
Qoʻmita tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashga alohida eʼtibor berilgan. Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari nomiga kelgan jami 1 054 ta murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmitaning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati va saylovchilar bilan uchrashuvlari ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda jami 2 887-marta yoritilgan.
Hisobot yilida Qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili uning faoliyatida ayrim jihatlarga eʼtiborni yanada kuchaytirish lozimligini ham koʻrsatadi.
Xususan, Qoʻmitaning sanoat, qurilish, transport, energetika, uy-joy kommunal, geologiya va savdo sohalariga doir qonun hujjatlarining joylardagi ijrosi taʼminlanishi ustidan taʼsirchan parlament va deputat nazoratini amalga oshirishga hamda sohaga doir qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar tayyorlashga ustuvor vazifa sifatida qarashi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek parlament nazorati tadbirlarining yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish masalalariga eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi:
respublika miqyosida sanoat, qurilish, transport, energetika, uy-joy kommunal, geologiya va savdo sohalarini tubdan isloh qilish, ushbu sohalarni rivojlantirish borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirish;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va maromiga yetkazishda, nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishda doimiy ravishda keng jamoatchilikni, soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga yechim topish borasida tegishli davlat organlari tomonidan bajarilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
qabul qilingan qonun hujjatlarining ijro etilish holatining doimiy monitoringini yuritish va monitoring natijalarini Qoʻmitada muhokama qilib borish;
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. SAIDOV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-fevral,
1818-IV-son