Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2021-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirishga, qonun loyihalarini tayyorlashda xalqaro tajribadan unumli foydalanishga, shuningdek mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmitaning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati koʻlami yanada kengaygan. 2021-yilda Qoʻmita jami 6 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlgan boʻlsa, ulardan 3 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolarining tashabbusi bilan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga amaldagi qonunchilikni muvofiqlashtirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar Qoʻmita tomonidan nazorat-tahlil tartibida oʻrganilgan hamda davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axboroti muntazam ravishda eshitib borilgan.
2021-yilda Qoʻmita tomonidan jami 13 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan. Ulardan 8 tasi davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitishga, 5 tasi qonunlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosini monitoring qilishga taalluqlidir.
Shu bilan birga oʻtgan davrda saylovchilar koʻtarayotgan masalalar va joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar hamda muammolarni tegishli mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda hal etish maqsadida davlat boshqaruvi organlarining rahbarlariga Qoʻmita tashabbusi bilan 2 ta parlament soʻrovi yuborilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun loyihalari muhokamasi, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, muhim tarmoqlar va sohalardagi mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqishga bagʻishlangan qator tadbirlar ham oʻtkazilgan.
Xususan, hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari ishtirokida 124 ta ishchi guruh yigʻilishi, 25 ta davra suhbati, 17 ta seminar hamda 6 ta konferensiya tashkil etilgan.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan qoʻmita aʼzolari nomiga kelgan jami 767 ta murojaat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda jami 5 986-marta chiqish qilingan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasiga:
respublika hududlarida yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirish;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va maromiga yetkazishda, nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishda doimiy ravishda keng jamoatchilikni, soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmitaga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida tegishli davlat organlari tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
qabul qilingan qonun hujjatlarining ijro etilish holatining doimiy monitoringini yuritish va monitoring natijalarini Qoʻmitada muhokama qilib borish;
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-fevral,
1794-IV-son