Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2021-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirishga, qonun loyihalarini tayyorlashda xalqaro tajribadan unumli foydalanishga, shuningdek mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishga eʼtibor qaratilgan.
Qoʻmitaning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati koʻlami yanada kengaygan. Hisobot davrida Qoʻmita 10 ta qonun loyihasiga masʼul etib belgilangan, shundan 8 ta qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid 4 ta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarori Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilib, qabul qilingan.
“Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon, Ohangaron, Bekobod, Boʻstonliq, Boʻka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, Oʻrta Chirchiq, Yangiyoʻl tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyoʻl, Bekobod shaharlari chegaralarini oʻzgartish toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasi qarori loyihasi Qoʻmitaning xulosasiga asosan Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qaytarilgan hamda undagi kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta kiritilib, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.
Qonun loyihalari va maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid qarorlar loyihalarini koʻrib chiqish va maromiga yetkazish maqsadida 68 ta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Qoʻmitada jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 608 ta murojaat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 7 124 ta chiqish tashkil qilingan. Qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati, nazorat-tahlil tadbirlarining natijalari, Qoʻmita tomonidan tashkil etilgan seminarlar va davra suhbatlari ommaviy axborot vositalari orqali doimiy ravishda yoritib borilgan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi:
qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qoʻmita masʼulligida boʻlgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda keng jamoatchilikning takliflari va fikr-mulohazalarini hisobga olish, nazorat-tahlil tadbirlariga soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
yer munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlarning ijro etilishi holati hamda suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan doimiy parlament nazoratini amalga oshirish, ushbu soha uchun ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi hamda ulardan samarali foydalanilishi yuzasidan davlat organlari va xoʻjalik boshqaruv organlari rahbarlarining axborotini eshitib borish amaliyotini davom ettirish;
agrar va suv xoʻjaligi sohasida uchraydigan muammolarni bartaraf etish borasida mutasaddi vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ustidan samarali parlament nazoratini olib borish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmitaga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida mutasaddi vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-fevral,
1830-IV-son