Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida” 2021-yil 13-sentabrdagi OʻRQ-713-son Qonuni)
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev va Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-mart,
102-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-martdagi 102-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi 331-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ustavida:
a) 10-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini rivojlantirish”;
b) 11-band quyidagi mazmundagi “z” kichik band bilan toʻldirilsin:
“z) seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida:
seysmik xavfni turli masshtablarda baholash, seysmik jihatdan hududlashtirish, zilzilalarni vaqt kesimida prognoz qilish, binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash boʻyicha uslubiyatlarni ishlab chiqadi;
muhandislik-geologik asoslarni va texnologiyalarni, shuningdek, turli seysmik xavf va xatarlarni baholash uslubiyotlarini yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi;
seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida ilmiy-tadqiqot dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
zilzilalar yuz berishi ehtimolini aniqlashning, seysmik xavfni va seysmik xatarni baholashning zamonaviy usullarini ishlab chiqadi;
hududlarning seysmik xavfi va seysmik xatariga doir har xil masshtabli xaritalarini tuzadi;
kuchli zilzila sodir boʻlgan taqdirda, yer sathi shaklining oʻzgarishi darajasini, binolar va inshootlarning yemirilishi darajasini baholash uchun zilzila epitsentri hududida makroseysmik hamda boshqa tadqiqotlar oʻtkazadi;
suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy nazorat qilish usullarini ishlab chiqadi hamda instrumental seysmologik va seysmometrik kuzatuv maʼlumotlari asosida suv omborlari toʻgʻonlarining dinamik xossalarini oʻrganib, ularning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholaydi;
oliy taʼlim tashkilotlari uchun seysmik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha oʻquv va oʻquv-uslubiy adabiyotlar tayyorlashda ishtirok etadi;
axborot-kutubxona muassasalarini va oliy taʼlim tashkilotlarini seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ilmiy hamda ilmiy-texnik manbalar bilan taʼminlaydi;
seysmik faol zonalarda qurilish normalari va qoidalarini takomillashtirishda ishtirok etadi”.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 84-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2024-y., 09/24/214/0285-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 84-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2024-y., 09/24/214/0285-son)
6. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-avgustdagi 496-son qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish boʻyicha maʼmuriy reglamentda:
a) 15-band quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Binolar va inshootlarning zilzilabardoshlikka doir vizual hamda instrumental-texnik tekshiruvlari hududiy inspeksiyalar, qurilish sohasidagi loyihalash tashkilotlari va maxsus litsenziyalangan tashkilotlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Vizual tekshiruvlar instrumental-texnik tekshiruv oʻtkazilishini talab etadigan hollarda binolar va inshootlarning zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvi oʻtkaziladi hamda ularning elektron texnik pasporti yangilanadi”;
b) 16-band quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Seysmik faol zonalarda yangi qurilgan III-IV toifadagi obyektlar ishga tushirilayotganda ular zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan majburiy tartibda oʻtkaziladi.
Kuchli zilzilalar sodir boʻlgan hududlardagi barcha turdagi binolar va inshootlardan mutaxassislar tomonidan zilzilabardoshlikka doir vizual yoki instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazilgandan keyin foydalanishga yoʻl qoʻyiladi”.
7. Vazirlar Mahkamasining “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarni shakllantirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 30-iyundagi 405-son qarorida:
a) 4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi yangi qurilgan bino va inshootlarga berilgan kadastr raqamlarini har oy yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga taqdim etsin”;
b) Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash boʻyicha elektron texnik pasportlarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
21-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi yangi qurilgan bino va inshootlarga berilgan kadastr raqamlarini har oy yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga taqdim etib boradi”;
2-ilovaning 19-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
|
“ |
|||
|
19. |
Qavatlar soni, kvartiralar yoki xonalar soni, kvartira yoki xonalarning maydoni |
||
|
”. |
3-ilovaning 19-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
|
“ |
|||
|
19. |
Qavatlar soni, kvartiralar yoki xonalar soni, kvartira yoki xonalarning maydoni |
||
|
”. |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2022-y., 09/22/102/0190-son; 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son; 18.04.2024-y., 09/24/214/0285-son; 04.06.2026-y., 09/26/282/0560-son)