Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 7-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3229-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-son “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/12-son qarori (roʻyxat raqami 3229, 2020-yil 13-aprel) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2020-y., 10/20/3229/0455-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 21-fevral,
2/8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 21-fevraldagi 2/8-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi mazmundagi oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mablagʻlarni toʻlovchining identifikatsiya raqami — yuridik shaxslar toʻlovchi sifatida ishtirok etadigan toʻlov hujjatlarida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va jismoniy shaxslar toʻlovchi sifatida ishtirok etadigan toʻlov hujjatlarida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami koʻrsatiladigan toʻlov hujjatining rekviziti;”;
oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. 6-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. 13-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mablagʻlarni toʻlovchining identifikatsiya raqami;”.
4. 35-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mijoz tomonidan soliqlar va yigʻimlar boʻyicha taqdim etilgan toʻlov topshiriqnomalari tegishli soliq organining yozma yoki elektron shakldagi murojaati, sud qarori hamda mablagʻlarni toʻlovchining tugatilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar asosida 2-son kartotekadan chaqirib olinishi mumkin.”.
5. 1 — 5-ilovalardagi “Mablagʻlarni toʻlovchining STIRi” degan soʻzlar “Mablagʻlarni toʻlovchining identifikatsiya raqami” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2022-y., 10/22/3229-2/0193-son)