Oʻzbekiston Respublikasi davlat Geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarini hisobga olish va hisobot balanslarini tuzish boʻyicha yoʻriqnomaning 16-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 4-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2699-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining 2015-yil 3-iyuldagi 1-son qarori (roʻyxat raqami 2699, 2015-yil 22-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 29-son, 388-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarini hisobga olish va hisobot balanslarini tuzish boʻyicha yoʻriqnomaning 16-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Qattiq (metall va nometall) foydali qazilmalar hamda koʻmir va yonuvchi slanetslar zaxiralari hisobot balanslari geodeziya va kartografiya faoliyatini boshlaganlik haqidagi xabarnomasi qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilarning geologiya-marksheyderlik xizmatlari tomonidan tasdiqlanishi hamda Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilishi kerak.
Yer qaʼridan foydalanuvchilarda geodeziya va kartografiya faoliyatini boshlaganlik haqida xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma mavjud boʻlmaganda, hisobot balanslari shunday tasdiqnomaga ega boʻlgan jalb etilgan boshqa korxonalar tomonidan tasdiqlanishiga ruxsat beriladi.”.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. ISLOMOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-fevral,
2-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2022-y., 10/22/2699-2/0183-son)