Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2020-2021-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan 2020-2021-yillarda (keyingi oʻrinlarda — hisobot davrida) qonunchilik va parlament nazorati faoliyati doirasida 38 ta majlis oʻtkazilib, unda 120 ga yaqin masala muhokama etilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va maʼqullash uchun Senatga taqdim etilgan 12 ta (2020-yilda 5 ta, 2021-yilda 7 ta) qonun mutasaddi vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi vakillari ishtirokida dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida Bosh vazir oʻrinbosari hamda Hukumat aʼzolarining 11 ta eshituvi tashkil etilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining, madaniyat, innovatsion rivojlanish, turizm va sport, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, bandlik va mehnat munosabatlari vazirlarining, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yoshlar ishlari agentligi direktorlarining, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisining axborotlari eshitilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullarda hamda jamoatchilik tomonidan koʻtarilgan masalalar yuzasidan 4 ta parlament soʻrovi yuborilgan. Ularning natijasi Senatning yalpi va Qoʻmita majlislarida muhokama qilingan.
Qoʻmita taklifi asosida Senat yalpi majlisida 12 ta, Senat Kengashida 7 ta masala muhokama etilgan.
Hududlarda 4 ta qonun hamda davlat dasturlarining ijrosi oʻrganilib, natijalari yuzasidan 7 ta Qoʻmita qarori va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan 3 ta qoʻshma qaror qabul qilingan.
Oʻrganishlar natijasida madaniy merosga zarar yetkazilganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish boʻyicha amaldagi qonunga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritilgan hamda Qashqadaryo viloyatida Abu Muin Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasi tashkil etilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatidagi kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishiga erishilgan, kutubxonalar uchun binolar ajratilgan hamda yangi tahrirdagi “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tayyorlangan.
“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturiga asosan Senat Kengashi qarori bilan tuzilgan Senat huzurida Eshlar parlamentiga Qoʻmita masʼul etib belgilangan.
Qoʻmita tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida yoshlar parlamenti vakillari maktablarini tashkil etishga doir namunaviy Nizom va namunaviy oʻquv rejasi tayyorlanib, Senat Kengashining qarori bilan tasdiqlangan. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan tavsiya etilgan yoshlar Senat aʼzolariga biriktirilib, ularning oʻzaro hamkorligi yoʻlga qoʻyilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi boʻyicha hisoboti Qoʻmita tomonidan tahlil etilib, har chorakda yalpi majlisda muhokama etilgan.
Senat Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi yuzasidan madaniyat va sanʼat, sport, kompyuter savodxonligi hamda kitobxonlik yoʻnalishlarida toʻgaraklar tashkil etilib, 1,5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan.
Yangi tizim asosida — yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishini reyting baholash yoʻlga qoʻyilib, hudud rahbarlari hamda ularning yoshlar masalalariga masʼul boʻlgan oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish tartibi va reyting baholash metodikasi ishlab chiqilib, maʼlumotlarni tahlil qilib borish uchun platforma (www.yoshlarportali.uz) ishga tushirilgan. Platformadagi maʼlumotlar orqali hududlardagi mutasaddi rahbarlarning faoliyatini baholab borish imkoniyati yaratilgan.
Huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini oʻrganish doirasida 8 ta qonun tahlil etilgan. “Muzeylar toʻgʻrisida”gi hamda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi taʼminlangan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan 700 ga yaqin tadbirlar (seminar, davra suhbati, konferensiya, forum, vebinar, koʻrik-tanlovlar) tashkil etilgan.
“Mahalla — besh tashabbus beshigi” respublika koʻrik-tanlovi va mahalliy Kengashlar deputatlari oʻrtasida Oliy Majlis Senati Raisi kubogi uchun “Parlament oʻyinlari” respublika sport musobaqalari oʻtkazilgan.
Xalq bilan muloqot hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ularning yechimi yuzasidan zarur choralarni koʻrish maqsadida mingga yaqin uchrashuvlar oʻtkazilgan.
Tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish yuzasidan Qoʻmita aʼzolari tomonidan 102 ta senator soʻrovi yuborilgan.
Yuridik va jismoniy shaxslarning jami 1 255 ta (2020-yil 365 ta, 2021-yil 890 ta) murojaati koʻrib chiqilgan. Murojaatlar soni 2020-yilga nisbatan 2,4 baravar (525 taga) ortgan.
Ushbu murojaatlarning 240 tasi (19 foiz) ijobiy hal etilgan, 634 tasi (50 foiz) tegishliligi boʻyicha yuborilgan, Qoʻmita tomonidan 381 tasiga (30 foiz) tushuntirishlar berilgan.
Qonunlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish maqsadida senatorlarning televideniyeda, radioda, gazetalarda 990 ta va ijtimoiy tarmoqlarda 2 mingga yaqin chiqishi tashkil etilgan.
Shu bilan birga, Qoʻmitaning yoshlar, madaniyat va sport sohasida foydalanilmayotgan imkoniyatlari mavjud. Xususan, Yoshlar parlamenti bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yoshlarni ish bilan taʼminlash va ularni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni kamaytirish borasida taʼsirchan choralar koʻrish boʻyicha ishlar yetarli emas.
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish holati ustidan doimiy parlament nazoratini oʻrnatish, Olimpiya oʻyinlari uchun sportchilarni tayyorlash, ayniqsa jamoaviy sport turlari boʻyicha isteʼdodli yoshlarni kashf etish yuzasidan oʻrganish ishlarini olib borishni yanada kuchaytirish zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2020-2021-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2020-2021-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi Qoʻmita raisi B. Sayfullayevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi:
oʻz faoliyatiga daxldor boʻlgan tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
yoshlar, madaniyat va sport sohasiga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirsin;
fuqarolar murojaatlari, saylovchilar bilan uchrashuvlarda koʻtarilgan masalalarni hal etish yuzasidan senator soʻrovi yoki parlament soʻrovi yuborish hamda uning natijasini Qoʻmita yoki Senat Kengashi yoxud Senat yalpi majlislarida eshitish amaliyotidan kengroq foydalansin;
jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab boʻlgan masalalar yuzasidan tezkor eshituvlar tashkil qilib, munosabat bildirish, mutasaddi vazirlik va idora vakillaridan izoh talab etgan holda kamchiliklarni bartaraf qilish choralarini koʻrsin;
Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyatini faollashtirish maqsadida uning tarkibi va ish samaradorligini faoliyatini qayta koʻrib chiqsin hamda tegishli takliflarni Senat Kengashiga kiritsin;
nazorat-tahlil tadbirlariga Qoʻmita huzurida tuzilgan ekspertlar guruhi, davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar, muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini faol jalb qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Senat tomonidan joriy etilgan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishini reyting baholash yuzasidan olib borilayotgan ishlarni Qoʻmita majlisida muhokama etsin, zarurat boʻlsa, ushbu masalani Senat yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda hududlar kesimida ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish borasida chora-tadbirlar belgilasin hamda bajarilgan ishlar natijalarini Qoʻmita majlislarida muhokama qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni kamaytirish va bu borada taʼsirchan choralar koʻrish, xususan profilaktik ishlarni olib borish, jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha doimiy hamkorlik qilib borsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bolalarni himoya qilish masalalari shoʻbasi bilan birgalikda har bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini taʼminlash, oiladan boshqa joylashtirish muassasalarini noinstitutsionallashtirish hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash holatini qatʼiy nazoratga olsin va doimiy monitoring qilsin;
bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini taʼminlash, oiladan boshqa joylashtirish muassasalarini noinstitutsionallashtirish hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash holatini qatʼiy nazoratga olsin va doimiy monitoring qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda hududlardagi madaniyat markazlarining toʻlaqonli faoliyat yuritishini oʻrganib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining hududlarda ijro etilish holatini oʻrganish ishlarini davom ettirsin;
Olimpiya oʻyinlari uchun sportchilarni tayyorlash, ayniqsa jamoaviy sport turlari boʻyicha isteʼdodli yoshlarni kashf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilib, natijalarini Qoʻmita majlisida muhokama etsin;
ushbu Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida joriy yilning 1-iyuliga qadar har chorakda Senat Kengashiga axborot kiritib borsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlarining ijtimoiy-madaniy sohani rivojlanish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyalariga:
Yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmalari (boʻlimlari) rahbarlarining yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishini reyting baholash yuzasidan olib borayotgan faoliyatida nazoratni kuchaytirish;
joylarda moddiy-madaniy meros obyektlariga zarar yetkazilishining sabablarini oʻrganib, mahalliy Kengashlarda muhokama qilish;
jamiyatda keng muhokamalarga sabab boʻlgan yoshlar, madaniyat va sportga oid masalalar yuzasidan mahalliy Kengashlarda eshituvlarni tashkil qilish va natijasi yuzasidan tegishli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 4-fevral,
SQ-482-IV-son