Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2021-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi shuni taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirishga, qonun loyihalarini tayyorlashda jamoatchilik fikrini inobatga olishga, xalqaro tajribadan unumli foydalanishga, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishga, shuningdek Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha Parlament komissiyasi faoliyatini samarali amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmitaning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati koʻlami 2020-yilga nisbatan yanada kengaygan. Qoʻmita aʼzolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “Sanitariya-epidemiologiya xizmati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Bundan tashqari Qoʻmita masʼul boʻlgan 4 ta qonun loyihasi (“Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi.
Qoʻmita tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganish hamda qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish doirasida 10 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi. Shundan 5 tasi qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganishga, 5 tasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitishga qaratildi. Jumladan, Qoʻmitada BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, aholi salomatligini mustahkamlash borasida sogʻliqni saqlash vazirligining axboroti har chorakda eshitib borildi.
Hisobot davrida Qoʻmita tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari B. Musayevga “Aholining barcha toifalari, ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlami uchun sanitariya-gigiyena vositalaridan umumiy va teng foydalanish imkoniyatini taʼminlash toʻgʻrisida”gi parlament soʻrovi yuborildi.
Shuningdek hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun loyihalari muhokamasiga, tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlarni jamoatchilikka yetkazish hamda mavjud muammolarni tahlil qilishga qaratilgan 151 ta tadbir, jumladan 77 ta davra suhbati, 74 ta seminar tashkil etildi.
Murojaatlarni oʻz vaqtida va toʻliq oʻrganish, ularda koʻtarilgan masalalar yuzasidan qonuniy choralar koʻrish 2021-yilda Qoʻmita faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Qoʻmitaga kelib tushgan 695 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqildi.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda jami 3 405-marta chiqish qilindi.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi:
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va maromiga yetkazishda, nazorat-tahlil tadbirini oʻtkazishda doimiy ravishda keng jamoatchilikni, soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmitaga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida tegishli davlat organlari tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
qabul qilingan qonun hujjatlarining ijro etilishi holatini doimiy ravishda monitoring qilib borish va monitoring natijalarini Qoʻmitada muhokama qilib borish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Z. Ibragimova zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-yanvar,
1773-IV-son