Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarini jonli efirga uzatish natijadorligini yanada oshirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarini jonli efirga uzatish natijadorligini yanada oshirish toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarga xalqimizning fikri, talab va istaklarini eʼtiborga olgan holda yechim topilmoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlarga hamohang tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) faoliyatida ham ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bugungi kunda Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasidagi faoliyati ochiqlik hamda oshkoralik tamoyillari asosida keng yoritib borilmoqda.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi” nomli rasmiy sahifalar ochildi. Ushbu sahifalar orqali Qonunchilik palatasi majlislarini, “hukumat soati” tadbirlarini toʻgʻridan toʻgʻri yoritib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Qonunchilik palatasining deputatlari ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan shaxsiy sahifalari orqali jamiyat hayotiga oid dolzarb masalalar yuzasidan jamoatchilik bilan faol muloqot qilmoqda.
“Elektron parlament” tizimi loyihalari doirasida Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar, murojaatchilar bilan masofadan, onlayn shaklda bevosita aloqasini taʼminlash hamda muloqotini muntazam yoʻlga qoʻyish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi deputatlar portali” (deputat.gov.uz) sinov rejimida ishga tushirildi.
Qonunchilik palatasi faoliyati haqida toʻgʻri va xolis axborot tarqatilishini taʼminlash maqsadida Parlament axborot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi media makonning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytining yangi versiyasini yaratish ishlari olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-sonli Farmoni jamiyatda axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.
Xususan, 2021-yil dekabr oyidan boshlab, Qonunchilik palatasining majlislarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy tarzda jonli efirga uzatish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu amaliyot yoʻlga qoʻyilgandan buyon “Oʻzbekiston” va “UzReport” telekanallari hamda Qonunchilik palatasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali palataning jami 7 ta majlisi jonli efirga uzatildi.
Ushbu majlislarda jami 65 ta masala koʻrib chiqildi. Shundan 51 tasi qonun loyihalari muhokamasiga, 13 tasi parlament nazorati tadbirlari hamda 1 tasi tashkiliy masalalar muhokamasiga bagʻishlandi.
Qonunchilik palatasi majlislari jonli efirga uzatilayotganligi keng jamoatchilikning qonun loyihalarining muhokamalari jarayoniga boʻlgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, majlislar toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatilishi natijasida ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik tomonidan Qonunchilik palatasida koʻrilayotgan masalalar yuzasidan koʻplab fikr-mulohaza, munosabat hamda takliflar bildirilmoqda. Mazkur takliflar Qonunchilik palatasi qoʻmitalari, ishchi guruhlar va mutaxassislar tomonidan atroflicha oʻrganib borilmoqda, asosli takliflar qonun loyihalarini maromiga yetkazishda inobatga olinmoqda.
Bugungi kunda Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini muhokama qilish jarayonida fuqarolarning fikrlarini inobatga olish yuzasidan mutlaqo yangi tizimni shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, quyi palata faoliyatiga muayyan muammoni hal etishda keng jamoatchilikning bilimi va tajribasidan foydalanish tizimi (“kraudsorsing”) faol joriy etilmoqda. Bu esa, har bir fuqaroga qonun loyihasi yuzasidan oʻz takliflari va fikr-mulohazalarini yuborish imkonini beradi.
Majlislarni toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatishga doir ishlarning sifati va natijadorligini yanada oshirish maqsadida soʻrovnoma oʻtkazildi. Mazkur soʻrovnoma boʻyicha deputatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari tomonidan muhim takliflar hamda fikr-mulohazalar bildirildi.
Soʻrovnoma natijalaridan kelib chiqib hamda Qonunchilik palatasi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, jonli efirlar sifati va natijadorligini oshirish borasida bir qator jihatlarga eʼtiborni kuchaytirish talab etilmoqda.
Xususan, Qonunchilik palatasi majlislarida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar haqida jamoatchilikni avvaldan xabardor qilish, majlislar yakunida toʻgʻridan toʻgʻri jonli efirda deputatlarning majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan oʻz fraksiyasi nuqtai nazarini bildirishini tashkil etish, birinchi oʻqishda qabul qilingan eng muhim qonun loyihalarini rasmiy veb-saytda jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirib borish muhim ahamiyatga ega.
Qonunchilik palatasi faoliyatining ochiq-oshkoraligini taʼminlash borasida izchil ishlar olib borilayotganligi, shu jumladan majlislarni toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi parlament faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni taqozo etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarini jonli efirga uzatish natijadorligini yanada oshirish toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Qonunchilik palatasi Devonining Matbuot xizmati (N. Rizayev) bilan birga Qonunchilik palatasi majlislari yakunida toʻgʻridan toʻgʻri jonli efir orqali deputatning majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan oʻz fraksiyasi nuqtai nazarini bildirishini tashkil qilish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari birinchi oʻqishda qabul qilingan eng muhim qonun loyihalari Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida muntazam ravishda joylashtirib borilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni (M. Miralimov) va Matbuot xizmati (N. Rizayev):
Qonunchilik palatasi Kengashida tasdiqlangan kun tartibi loyihasini majlis oʻtkazilishidan kamida bir kun oldin palataning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
telekanallar mutasaddilari bilan birgalikda majlisda koʻrib chiqilayotgan har bir masalaning nomi uning muhokamasi yakuniga qadar jonli efir titrida eslatma tariqasida koʻrsatib borilishini taʼminlash;
jonli efirga uzatiladigan Qonunchilik palatasi majlislari tafsilotlari toʻgʻrisida videoroliklar tayyorlash;
Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytining yangi versiyasini ishga tushirish boʻyicha boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (Dj. Shirinov) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni (B. Radjabov) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga palata faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashni kuchaytirish, majlislarni toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatishga doir ishlarning natijadorligini oshirishga qaratilgan tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan hujjat loyihasini ishlab chiqsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-yanvar,
1750-IV-son