Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, koʻmakka muhtoj fuqarolarga va yolgʻiz keksalarga pul yordami koʻrsatish koʻlamini kengaytirish va samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-martdagi “2003-yilning 1-aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha beriladigan imtiyozlar oʻrniga kompensatsiya pul toʻlovlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF-3227-son Farmoniga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslar uchun uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar oʻrniga oylik kompensatsiya pul toʻlovlari (keyingi oʻrinlarda — kompensatsiya toʻlovi) joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, 2022-yil 1-martdan boshlab:
a) kompensatsiya toʻlovi, uni olish huquqiga ega boʻlgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qatʼi nazar toʻlab boriladi;
b) ijtimoiy nafaqa oluvchi oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz shaxslarga kompensatsiya toʻlovi joriy etiladi.
Bunda, ijtimoiy nafaqa oluvchi oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz shaxslar uchun har oylik kompensatsiya toʻlovi — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida toʻlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
v) yoshi 100 ga toʻlgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov belgilanadi.
Bunda, 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar nafaqasiga har oyda toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika budjeti va Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmon maqsadi, vazifalari va bundan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
5. Ushbu Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga hamda kompensatsiya va qoʻshimcha toʻlovlarning fuqarolarga pensiya va nafaqa toʻlanadigan muddatlarda toʻlab borilishini taʼminlashga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 28-yanvar,
PF-58-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-58-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-martdagi “2003-yilning 1-aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha beriladigan imtiyozlar oʻrniga kompensatsiya pul toʻlovlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF-3227-son Farmonida:
a) 1-banddagi “eng kam ish haqi” soʻzlari “pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining summasi jismoniy shaxslarning jami daromadiga qoʻshilishi hamda pensiya va nafaqalar toʻlanadigan tartib va muddatlarda toʻlanishi belgilab qoʻyilsin.
Pensiya yoki nafaqa olmaydigan uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarini olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga kompensatsiya puli 2022-yil 1-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi orqali pensiya va nafaqa toʻlanadigan muddatlarda toʻlanadi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 14-apreldagi “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4715-son Farmonida:
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Yoshi 100 ga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga (nafaqasiga) 2022-yilning 1-martidan boshlab, har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov toʻlash belgilansin.
Belgilab qoʻyilsinki, 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga (nafaqasiga) har oyda toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi”;
b) 1-ilovaning “Shaxslar toifalarining roʻyxati” ustunida:
3-pozitsiyasi “pensionerlar” soʻzidan keyin “(nafaqa oluvchilar)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
Keyingi tahrirga qarang.
4-pozitsiyasidagi “pensiya yoshidagi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2022-y., 06/22/58/0078-son; 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son; 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)