O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 24-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 15-dekabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2021-yil 15-dekabrda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 29-sentabrda qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-263-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 9, 343-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 5, 267-modda, № 9, 592-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 6-modda quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligini va uning hududiy bo‘linmalarini — voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan hamda davlatning ijtimoiy yordamiga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmaganlar va oilalar aniqlanganligi to‘g‘risida zudlik bilan xabardor qiladi”;
2) 8-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari”;
3) quyidagi mazmundagi 171-modda bilan to‘ldirilsin:
“171-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida:
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
voyaga yetmaganlarning o‘z iqtidori va iste’dodini to‘laqonli namoyon etishiga, shuningdek ularning o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishiga monelik qiladigan omillarni aniqlaydi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘radi;
voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasida ishtirok etadi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-pedagogik jihatdan reabilitatsiya qilishga va ularning moslashuviga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-371-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 129-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 589, 591-moddalar, № 10, 674-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 9-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi o‘n beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari”;
2) quyidagi mazmundagi 191-modda bilan to‘ldirilsin:
“191-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining va uning hududiy bo‘linmalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida:
huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, shu jumladan huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashda hamda bartaraf etishda ko‘maklashadi;
huquqbuzarlikdan jabrlanuvchilarni, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan, huquqbuzarlik sodir etgan, shu jumladan ilgari sudlangan va ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni (yoshlarni) ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga, shuningdek korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot bo‘yicha faoliyatda ishtirok etadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘RQ-406-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 271-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi mazmundagi 71-modda bilan to‘ldirilsin:
“71-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini tahlil qiladi, shuningdek uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xorijda o‘qiydigan yoshlar bilan ishlarni tizimli asosda tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining hamkorligini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan so‘rovlar yuborishga haqli.
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari maxsus vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda kelishiladi”.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 8-sentabrda qabul qilingan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-444-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 508-modda; 2019-yil, № 9, 591-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 7-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari”;
2) quyidagi mazmundagi 121-modda bilan to‘ldirilsin:
“121-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining va uning hududiy bo‘linmalarining bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida:
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarning har tomonlama, uyg‘un rivojlanishiga hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalanishiga ko‘maklashuvchi axborotdan erkin foydalanish uchun ularga sharoitlar yaratadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasida yakka tartibdagi profilaktika ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarning axborotga oid va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, shuningdek ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga doir faoliyatda ishtirok etadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
7-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 25-yanvar,
O‘RQ-747-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.01.2022-y., 03/22/747/0064-son)