Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tomonidan 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davrida (bundan buyon matnda hisobot davrida deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomalari hamda 2020-yil 20-yanvardagi Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi maʼruzasida koʻrsatilgan vazifalar yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, qonunchilik faoliyati doirasida mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida va ekspertlarni jalb qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hamda maʼqullash uchun Senatga kiritilgan 3 ta qonun (2020-yilda 1 ta, 2021-yilning oʻtgan davrida 2 ta) dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 22 ta tadbir oʻtkazilgan. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish sohasidagi qonunlarning joylardagi ijrosi, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini taʼminlash, ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi sohalar oʻrganilgan.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash, ularning muammolarini tizimli ravishda hal etish borasida 5 marotaba tegishli soha rahbarlarining axborotlari eshitilgan.
Qoʻmita tomonidan faoliyat yoʻnalishlariga taalluqli qonunlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi dolzarb masalalar boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalarni televideniye, matbuot hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritib borish ishlariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qonunlarning ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini oʻrganish faoliyati doirasida 5 ta qonunni tatbiq etishga qaratilgan qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi hamda amalda qoʻllanilishi holati monitoring qilinib, natijasi boʻyicha Senat Kengashi qarori qabul qilingan.
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga alohida ahamiyat qaratilgan. Xususan, Qoʻmita aʼzolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 17 121 ta (2020-yilda 7 034 ta, 2021-yilning oʻtgan davrida 10 087 ta) yozma murojaat, shu jumladan 3 270 ta Senatga kelib tushgan murojaat koʻrib chiqilgan.
Nazoratga olinib, taalluqliligi boʻyicha tashkilotlarga yuborilgan 2 009 ta murojaatdan 904 tasi (45 foizi) ijobiy hal qilingan, qolgan 1 105 ta (55 foizi) murojaat yuzasidan fuqarolarga tushuntirish berilgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan Senatda va joylarda jami 4 114 nafar fuqaro qabul qilingan.
Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralar koʻrish maqsadida 562 ta uchrashuv oʻtkazilgan.
Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator soʻrovi shaklidan samarali foydalanib, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan 85 ta senator soʻrovi yuborilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida aholi bilan uchrashuvlarda hamda jamoatchilik tomonidan koʻtarilgan masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga 2 ta parlament soʻrovi tayyorlanib, Senat qarori bilan yuborilgan.
Natijada hududlarda aholini, xususan xotin-qizlarni tashvishga solayotgan turli darajadagi hamda ijtimoiy yoʻnalishdagi qator muammolar hal etilgan.
Qonunlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 12 mingga yaqin materiallar eʼlon qilingan.
Shu bilan birga, qoʻmita faoliyatida hali oʻz yechimini kutayotgan, xotin-qizlar va gender tenglik masalalarida eʼtibor qaratiladigan imkoniyatlar mavjud. Xususan:
xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish;
mehnat jamoalarida, ayniqsa, xususiy sektorda, davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan tashkilotlarda band boʻlgan xotin-qizlarning manfaatlarini qonuniy himoya qilinishini taʼminlash;
xotin-qizlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish tizimi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllariga barham berish tizimi samaradorligini oshirish.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisida Qoʻmita raisi M. Kadirxanovaning axborotini eshitib va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi Qoʻmita raisi M. Kadirxanovaning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi:
amaldagi qonunchilikda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va mavqeyini, boshqaruvdagi rolini yanada oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qatʼiy parlament nazoratini amalga oshirsin;
Qoʻmita faoliyati doirasida ayollar manfaatlarini himoya qilish, gender tenglik, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ayollarning ijtimoiy himoyasiga oid qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish choralarini koʻrsin;
xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, qonun hujjatlarida belgilangan imtiyoz va kafolatlarning xotin-qizlar eʼtiboriga yetkazishni taʼminlashga qaratilgan manzilli tadbirlarni amalga oshirsin;
hududlarda xotin-qizlar bilan ishlash jarayonlarini, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha ishlar holatini oʻrgansin va ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalar ijrosini tahlil qilish orqali Qoʻmitaning sayyor majlislarini muntazam oʻtkazsin, ularda tegishli vazirlik, idora va tashkilot rahbarlarining axborotlarini eshitsin, mavjud muammolarni joyida bartaraf qilsin;
Senatga kelib tushgan murojaatlarni, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarni taalluqliligiga qarab bevosita joylarga chiqqan holda doimiy asosda ishlovchi senatorlar, mahalliy Kengashlarning Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiya raislari bilan birgalikda oʻrganish va hal etish choralarini koʻrsin.
3. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Ichki ishlar, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sogʻliqni saqlash vazirliklari va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda:
davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning kasbiy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash boʻyicha qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar tayyorlash;
xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning manzilliligini taʼminlash;
xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ular oʻrtasida ishsizlik darajasini kamaytirishga qaratilgan ishlar samaradorligini yanada oshirish;
mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketgan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish choralarini koʻrish;
hududlarda haqiqiy holatdan kelib chiqqan holda oilaviy-maishiy zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadigan takliflar tayyorlash;
uzoq muddatga yashash joyidan chiqib ketgan ayollarning oilalarini ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;
xotin-qizlar oʻrtasida tibbiy va gigiyenik madaniyatni yanada oshirish, onalar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
ushbu Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumotni 2022-yilning 1-mayiga qadar Senatga taqdim etsin.
4. Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi aʼzolariga:
Senatning yalpi majlislarida maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng aholi eʼtiboriga yetkazish maqsadida joylarda mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikda targʻibot tadbirlarini doimiy ravishda amalga oshirish;
qonunchilik hujjatlari ijrosining taʼminlanishi, aholini tashvishga solayotgan muammolar yechimi yuzasidan parlament nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanib, parlament eshituvlari, Qoʻmita hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari majlislarida muammolar yechimi boʻyicha faol ishtirok etish;
dolzarb masalalar yuzasidan senator soʻrovini yuborish hamda uning natijasini Qoʻmita, Senat Kengashi majlislarida yoxud Senatning yalpi majlisida eshitish uchun takliflar berib borish tavsiya etilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiyalariga:
hududlarda onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlashga doir normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish;
Qoʻmita aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari joylarda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish tizimidagi muammolarni oʻrganib, mahalliy Kengashlarda muntazam muhokama qilish;
jamiyatda keng muhokamalarga sabab boʻlgan noqonuniy holatlar boʻyicha mahalliy Kengashlarda eshituvlarni tashkil qilish va natijasi yuzasidan tegishli choralar koʻrish;
oʻz majlislarida (tegishliligi boʻyicha) hududiy davlat organlari rahbarlarining faoliyati yuzasidan axborotini eshitish va tanqidiy muhokama qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish tavsiya etilsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M. Kadirxanova zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
SQ-460-IV-son