Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻrgatishni ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish uchun tizimli ishlarni tashkil etish, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, buning uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan Xalq taʼlimi vazirligiga Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) bir martalik 15,0 mlrd soʻm miqdoridagi moliyaviy koʻmak mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Moliya vazirligi 2023-yildan boshlab har yili Agentlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Davlat budjeti parametrlarida Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
2. Belgilansinki, Jamgʻarmaga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
dunyo boʻyicha samarali natija bergan oʻqitish metodikalari, dastur va darsliklarni maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari va oʻquv markazlarida joriy etish;
xorijiy davlatlarda chop etiladigan zamonaviy oʻquv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda oʻquv qoʻllanmalarni, xalqaro testlar va ularni joriy qilish uchun tegishli ruxsatnoma va litsenziyalar, xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan kontentlarni mualliflik huquqlarini xarid qilish;
xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, dasturiy taʼminot loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish;
xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirish, tilning asosiy koʻnikmalarini shakllantirish uchun videorolik, oʻyin, koʻngilochar koʻrsatuv, filmlar va boshqa oʻrgatuvchi kontent yaratish;
fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etish;
Agentlik balansidagi bino va inshootlarni saqlash, ulardan foydalanish, qurish va taʼmirlash, zarur anjomlar, shu jumladan mebel, aloqa, kompyuterlar va boshqa vositalar bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish;
Agentlik xodimlarini moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar.
3. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-maydagi 312-son qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har yili tuman (shahar)dagi maktablarni xorijiy tillarni oʻqitish uchun zarur boʻlgan adabiyotlar, asbob-uskunalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan taʼminlash uchun mahalliy budjetlardan 1 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda ajratiladigan mablagʻlarning hisobi hududiy xalq taʼlimi boshqarmalarining Gʻaznachilikdagi alohida ochilgan maxsus hisobvaraqlarida yuritilishi hamda ushbu mablagʻlar Agentlik bilan kelishilgan manzilli dasturlar asosida sarflanishi belgilab qoʻyilsin.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ushbu mablagʻlarni:
2021-yil yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, Toshkent shahar va viloyatlar mahalliy budjetlarida shakllangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan joriy yilning 15-fevraliga qadar;
2022-yil uchun joriy yil mahalliy budjet parametrlari hamda yil davomida shakllanadigan qoʻshimcha manbalar hisobidan joriy yilning 15-iyuliga qadar ajratish choralarini koʻrsin.
4. Agentlik Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda uzluksiz taʼlim tizimida chet tilini oʻqitishning oʻquv-metodik majmualarini oʻquvchilarning asosiy til koʻnikmalarini (tinglab tushunish, oʻqish, yozish va gapirish) shakllantirish nuqtai nazaridan toʻliq qayta koʻrib chiqsin;
malakali mutaxassislarni jalb etgan holda 2022-yil 1-martdan boshlab chet tili fani oʻqituvchilarining tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini rivojlantirishga hamda sertifikatga ega boʻlishlariga yoʻnaltirilgan oʻquv kurslarini tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari uchun zamonaviy til oʻrgatish metodikalari asosida ishlab chiqilgan chet tili darsliklarini toʻliq chop etish va taʼlim tashkilotlariga yetkazish choralarini koʻrsin;
yangi darsliklardan foydalanish metodikalari boʻyicha oʻqituvchilar va metodistlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional, shuningdek, qoʻshimcha taʼlim tashkilotlari chet (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu hind) tili fani oʻqituvchilarining attestatsiyasi jarayonida oʻquv fani boʻyicha malaka sinovlari tegishliligi boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish koʻnikmalarini baholashni nazarda tutuvchi kasbiy sinov shaklida oʻtkaziladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
9. Agentlik, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2022-yil 1-fevraldan 2024-yil 1-yanvarga qadar Toshkent va Samarqand shaharlarida faoliyat yuritadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari:
taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarining 50 foizigacha, biroq davlat koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining qonunchilik hujjatlarida belgilangan minimal stavkasining 50 foizi miqdoridan koʻp boʻlmagan miqdorda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibini joriy etish;
vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida faoliyatini amalga oshirganida ijara toʻlovidan ozod etish (saqlash va kommunal toʻlovlar boʻyicha xarajatlar bundan mustasno) toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. 2022-yil 1-mayga qadar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xalqaro tan olingan baholash tashkilotlari bilan hamkorlikda pedagog kadrning malaka toifasini olish boʻyicha chet tili fani oʻqituvchilarining malaka sinovlarida tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini baholash tizimini ishlab chiqsin;
Agentlik Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda xorijiy tillarni bilish va xorijiy til oʻqituvchilarining malaka va koʻnikmalarini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning Yagona elektron bazasini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi umumtaʼlim muassasalarining S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani oʻqituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab uch yil davomida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ustama toʻlash tartibini 2022-yil 1-fevraldan boshlab joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
12. Agentlik tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida 3 ta shtat birligidan iborat Xorijiy tillarni bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikatlar yagona bazasini yuritish boʻlimi tashkil etilsin.
Agentlik direktoriga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Agentlikning markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
13. Agentlik Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlasin hamda har chorak yakuni bilan mazkur qaror ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi direktori v.b. S.O. Obidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-yanvar,
34-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 09/22/34/0048-son; 20.10.2022-y., 09/22/612/0949-son; 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son; 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son; 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son; 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)