Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Sugʻurtalovchi va qayta sugʻurtalovchining investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 22-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1982-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2009-yil 3-iyuldagi 68-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1982, 2009-yil 16-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 29-son, 340-modda) bilan tasdiqlangan Sugʻurtalovchi va qayta sugʻurtalovchining investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir T. IShMETOV
Toshkent sh.,
2021-yil 13-dekabr,
76-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi A. IKRAMOV
2021-yil 14-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 13-dekabrdagi 76-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sugʻurtalovchi va qayta sugʻurtalovchining investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qonunchilik hujjatlariga muvofiq chiqarilgan korporativ obligatsiyalar.”.
2. 21-bandda:
a) “a” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy (iqtisodiyot, moliya, buxgalteriya, matematika, axborot texnologiyalari sohalarida) maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy (iqtisodiyot, moliya, buxgalteriya, matematika, axborot texnologiyalari sohalarida) maʼlumotga ega boʻlishi;”;
“2 yildan” degan soʻzlar “1 yildan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Bunda, masʼul shaxs quyidagilardan biriga ega boʻlgan taqdirda, unga ish stajiga ega boʻlish boʻyicha talab qoʻyilmaydi:
“Sertifikatlangan ichki auditor (CIA)” yoki “Sertifikatlangan moliyaviy tahlilchi (CFA)” xalqaro sertifikatlari;
“Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)”, “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ACCA)”, “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR)” yoki “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (CPA)” xalqaro buxgalterlik sertifikatlari;
“Sertifikatlangan risk menejeri (CRM)” yoki “Moliyaviy risk menejeri (FRM)” tavakkalchilikni boshqarishga oid xalqaro sertifikatlari.”.
3. Mazkur qoʻshimcha va oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 10/21/1982-2/1180-son)