Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, shuni qayd etadiki, davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
2021-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti yuqori oʻsish surʼatlarini namoyon etmoqda. Joriy yilning toʻqqiz oyligi yakuniga koʻra mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YIM) hajmi 519,8 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,9 foizga ortgan holda barqaror oʻsish surʼatlarini qayd etmoqda.
Bunda sanoat va xizmatlar koʻrsatish sohalari iqtisodiy oʻsishning drayverlari boʻlib xizmat qildi. Xususan, iqtisodiy oʻsish sanoatda 9,0 foizni, xizmatlar koʻrsatishda 7,6 foizni, qurilishda 4,5 foizni hamda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklarida 4,2 foizni tashkil etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) 2021-yil toʻqqiz oyidagi daromadlari 116 035,9 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Bunda koʻrsatkich prognoz qilingan 107 041,6 mlrd. soʻmga nisbatan 108,4 foizga yoki 8 994,3 mlrd. soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar 2020-yilning mos davri bilan solishtirilganda 21 578,7 mlrd. soʻmga oʻsgan.
Davlat budjetining xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 130 265,1 mlrd. soʻmni yoki YIMga nisbatan 25,1 foizni tashkil etgan.
Hisobot davridagi budjet taqchilligi 11,4 trln. soʻmni yoki YIMga nisbatan 2,2 foizni tashkil etib, yuzaga kelgan taqchillik esa xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar (4,1 trln. soʻm), Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan kelib tushgan mablagʻlar (4,4 trln. soʻm) hamda davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini joylashtirishdan kelib tushgan mablagʻlar (2,9 trln. soʻm) hisobidan qoplangan.
Joriy yilning 1-oktabr holatiga koʻra, davlat qarzi 25,3 mlrd. AQSh dollarini yoki YIMga nisbatan 38,3 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 64 038,0 mlrd. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 49,2 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu xarajatlar YIMga nisbatan 12,3 foizni tashkil etdi. Ushbu xarajatlarning 56 270,9 mlrd. soʻmi (87,9 foizi) ijtimoiy soha hamda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari, 7 444,2 mlrd. soʻmi (11,6 foizi) budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga transfertlar va 322,9 mlrd. soʻmi (0,5 foizi) aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturlarini moliyalashtirish uchun xarajatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar bilan birga, ayrim xato va kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, joriy yilning 1-oktabr holatiga koʻra, boqimanda qarzdorlik yil boshiga nisbatan 67,8 foizga oʻsgan. Bunda qarzdorlik “Oʻzbekneftgaz” AJda 60 baravarga oshgan. Boqimanda qarzdorlik Buxoro, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida 400,0 mlrd. soʻmdan ortiqni tashkil etgan.
Hisobot davrida ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan rivojlantirish dasturlari uchun kapital qoʻyilmalar toʻliq oʻzlashtirilmagan. Jumladan, xalq taʼlimi muassasalarini keng polosali internet tarmogʻiga ulash xarajatlari uchun rejalashtirilgan 49,3 mlrd. soʻmdan bor-yoʻgʻi 3,0 mlrd. soʻmi (6,2 foizi), nefrologiya va gemodializ yordamini koʻrsatish xarajatlari uchun rejalashtirilgan 89,1 mlrd. soʻmdan atigi 9,4 mlrd. soʻmi (10,6 foizi) oʻzlashtirilgan. Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish xarajatlari uchun, madaniyat hamda aholi dam olish maskanlarini shakllantirishga va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir xarajatlar uchun rejalashtirilgan mablagʻlar umuman oʻzlashtirilmagan.
Maktabgacha taʼlim muassasalarida qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun ajratilgan 1 141,1 mlrd. soʻmdan 629,1 mlrd. soʻmi (55,1 foizi), umumtaʼlim maktablari uchun ajratilgan 3 231,8 mlrd. soʻmdan 2 364,9 mlrd. soʻmi (73,2 foizi), tibbiyot muassasalari uchun ajratilgan 1 644,5 mlrd. soʻmdan 926,8 mlrd. soʻmi (56,4 foizi) oʻzlashtirilgan.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli foydalanish borasida 728,8 mlrd. soʻm miqdoridagi moliyaviy xatoliklarga, shundan 83,7 mlrd. soʻm miqdoridagi kamomadga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, xalq taʼlimi tizimida 75,5 mlrd. soʻmlik, maktabgacha taʼlim tizimida 66,7 mlrd. soʻmlik va sogʻliqni saqlash tizimida 56,2 mlrd. soʻmlik qonun buzilish holatlari sodir etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida 2021-yilning toʻqqiz oyida budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etmagan holda jami 695 ta holatda 58,2 mlrd. soʻmlik shartnomalar va yuridik majburiyatlar rasmiylashtirilgan. Andijon viloyatida 2 507 ta holatda 30,0 mlrd. soʻmlik, Surxondaryo viloyatida 1 203 ta holatda 13,9 mlrd. soʻmlik, Sirdaryo viloyatida 310 ta holatda 10 mlrd. soʻmlik, Fargʻona viloyatida 707 ta holatda 63,4 mlrd soʻmlik, Toshkent shahrida 338 ta holatda 28,6 mlrd. soʻmlik xaridlar amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot qonunda belgilangan tartibda Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida va masʼul qoʻmitada dastlabki tarzda muhokama qilinganligini hamda bildirilgan takliflar va tavsiyalar inobatga olinganligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida Davlat budjeti daromadlari 116 trln. soʻmni, xarajatlari esa 130 3 trln. soʻmni tashkil etganligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlarini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish;
aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni davom ettirish;
Davlat budjetida nazarda tutilgan rivojlantirish dasturlarining ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish;
davlat xaridlari sohasida budjet tizimining budjetlari mablagʻlaridan oqilona foydalanish, xarid qilish tartib-taomillarining turlarini takomillashtirish va ularning qoʻllanilishini kengaytirish, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan choralarni kuchaytirish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjeti xarajatlarining oʻzlashtirilmaganligi holatlarini tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tahlil qilgan holda, ularni oʻzlashtirish;
tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda budjet intizomini buzishning, kamomadlar va maqsadsiz xarajatlarning yuzaga kelish sabablarini aniqlash, ularning oldini olishga qaratilgan taʼsirchan mexanizmlarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi faqat davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari asosida rasmiylashtirilgan shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi boqimanda qarzdorlikni tegishli vazirliklar va idoralar bilan birga tahlil qilgan holda yil yakuniga qadar undirish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga davlat Budjetidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini oʻrganib chiqish va bu borada deputatlik nazoratini kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, Davlat budjetida nazarda tutilgan rivojlantirish dasturlarining vazirliklar va idoralar tomonidan ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-noyabr,
1567-IV-son