Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan madaniyat va sanʼat sohalarida aloqalarni mustahkamlash, jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi amaldagi moliyalashtirish tartibi va shtatlar soni saqlangan holda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) etib qayta tashkil qilinsin.
Jamgʻarma Vazirlar Mahkamasining Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati tarkibiga kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
moliyaviy, tashkiliy va ijodiy yoʻnalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy sanʼat, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va sanʼat sohasida xalqaro madaniy tashkilotlar va xayriya jamgʻarmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va sanʼatga doir homiylikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
madaniyatlararo ijodiy muloqotni yoʻlga qoʻyish va oʻzbek sanʼatining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga koʻmaklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyati hamda raqobatbardoshligi bilan bogʻliq jihatlarni namoyish etish;
madaniyat va sanʼat sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, madaniyat va sanʼat muassasalarini zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, mamlakatimiz muzeylari va boshqa madaniy muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish tizimini takomillashtirishga koʻmaklashish;
xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniy muassasalar qurish uchun moliyaviy mablagʻ va koʻmak berish;
madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni kapital hamda joriy taʼmirlash;
xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni taʼminlash;
jahondagi ilgʻor tajribalarni mamlakatimizda joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash maqsadida madaniyat va sanʼat sohasini moliyalashtirish boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish;
aholiga pullik xizmatlar koʻrsatish hajmini koʻpaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonunchilikda belgilangan manbalardan tushayotgan mablagʻlarni jamgʻarishni taʼminlash;
ajratilayotgan maqsadli mablagʻlardan toʻgʻri, samarali va maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazorat oʻrnatish;
Jamgʻarma va uning tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish boʻyicha tadbirlar uchun maqsadli mablagʻlar ajratish;
Keyingi tahrirga qarang.
3. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Vazirlar Mahkamasining hujjatlari (shu jumladan bayonnoma qarorlariga) asosan ajratiladigan respublika budjeti mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini moliya tashkilotlarida joylashtirishdan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning hamda xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari, metsenatlik koʻmagi, grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Jamgʻarma ikki oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib Jamgʻarma faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan uning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Jamgʻarma Toshkent shahri, Taras Shevchenko koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-dekabr,
PQ-36-son
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PQ-36-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6000-son Farmonida:
a) 6-bandning uchinchi xatboshisidagi “Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 8-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda, xususiy teatrlarda sahnalashtirilgan hamda ijro etilgan asarlar uchun mualliflik haqi toʻlash har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishi belgilansin”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3325-son qarorida:
a) nomlanishida “Madaniyat vazirligi” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-banddagi “Madaniyat vazirligi” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 4-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarma Adliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-fevralga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Jamgʻarmaga metsenatlik koʻmagi hisobidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berish;
Jamgʻarma tomonidan metsenatlik koʻmagi orqali amalga oshiriladigan loyihalarda chet ellik kontragentlarni soliqlar va toʻlovlardan ozod qilish”;
d) quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida milliy valyutadagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga hamda milliy va xorijiy valyutada bank hisobvaraqlariga ega boʻladi”;
e) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Manfaatdor vazirlik va idoralar bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin”;
j) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
z) 2-ilovaning 2 va 3-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3920-son qarorining 1-bandidagi “Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2021-y., 07/21/36/1143-son; 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)