Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 24-apreldagi “Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida”gi SQ-285-IV-sonli Qarori ijrosi yuzasidan taqdim etilgan javobni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 804-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan joriy yil boshidan bugungi kungacha suv taʼminoti korxonalari tomonidan xorijiy kreditlar boʻyicha 139 mlrd 300 mln soʻmlik majburiyatlar bajarilgan.
Shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmati tizimlari obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish maqsadida jami 6 trln 873 mlrd 300 mln soʻm va qariyb 500,0 mln AQSH dollari miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilgan.
Jami 1 729 ta obyektda qurilish ishlari olib borilib, 20 363,6 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilgan hamda rekonstruksiya qilingan.
Shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni nazoratga olish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan “Smart qurilish” elektron platformasi orqali “onlayn” rejimda nazorat qilish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Sohada korrupsiyaning oldini olish va tender savdolari jarayonida shaffoflikni taʼminlash uchun komplayens tizimi joriy etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6074-sonli Farmoniga muvofiq ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv sohasida investitsiya loyihalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilinib, har bir loyihaning bajarilishi holati muntazam ravishda tegishli mahalliy hokimiyat vakillik organlari deputatlari tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring qilinmoqda.
Bundan tashqari, elektron billing tizimi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-noyabrdagi PF-5883-sonli Farmoni talablariga muvofiq “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida undirish va isteʼmolchilarni muntazam xatlovdan oʻtkazish uchun 2 436 nafar nazoratchi ishga qabul qilinib, 2 015 ta terminal va 2 463 ta termoprinter bilan taʼminlangan hamda nazoratchilar uchun maxsus mobil ilovalar yaratilib, toʻlovlarni elektron tarzda undirish mexanizmi joriy qilingan.
Maʼlumotlar shaffofligini taʼminlash maqsadida isteʼmolchilar shaxsiy kabineti (cabinet.uzst.uz) sahifasi yaratilgan.
Isteʼmolchilarga qulayliklar yaratish maqsadida elektron toʻlov tizimlari (click, paynet, payme, upay, oson va boshqalar) bilan shartnomalar tuzilib, billing bazasiga integratsiya qilingan.
Natijada elektron toʻlov tizimlari (click, paynet, payme, upay, oson) orqali joriy yil yanvar-may oylarida tushum 66 mlrd 800 mln soʻmni tashkil qilgan yoki oʻtgan yilning mos davriga (34 mlrd 200 mln soʻm) nisbatan 95 foizga oshgan.
Shu bilan birga, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi va oʻzlashtirilishida muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, 2019-2020-yillarda Samarqand va Navoiy viloyatlarida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun investitsiya dasturlari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan jami 323 mlrd 100 mln soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa-da, bu mablagʻ toʻliq maqsadli oʻzlashtirilmagan, yaʼni qurilish-montaj ishlari uchun 313 mlrd 800 mln soʻm (97,1%) mablagʻ oʻzlashtirilgan.
Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlari obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratilgan 33 mlrd 100 mln soʻmga teng boʻlgan xato va kamchiliklar hamda budjet mablagʻlarini samarasiz va maqsadsiz ishlatilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.
Jumladan, Samarqand viloyatida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda loyiha-smeta hujjatlariga amal qilinmasligi, obyektlarni tanlashda aholining talablari inobatga olinmaganligi, nazorat susaytirilganligi oqibatida va qurilish-montaj ishlarining yakuniga yetkazilmay qolib ketganligi sababli 6 ta obyektda 20 mlrd 800 mln soʻmlik mablagʻ samarasiz ishlatilgan.
Masalan, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi buyurtmachiligida Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 2019-yilgi “Obod qishloq” dasturi doirasida manzilli roʻyxatga kiritilgan 5 ta (1 mlrd 900 mln soʻm) va investitsiya dasturi doirasida 1 ta (18 mlrd 900 mln soʻm) obyektda mablagʻlardan samarasiz va maqsadsiz foydalanilgan, natijada aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan.
Birgina Navoiy viloyatida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishdagi kamchiliklar hamda qurilish-montaj ishlarining loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshirilmaganligi sababli 3 ta obyektga moʻljallangan 12 mlrd 300 mln soʻm mablagʻdan samarasiz foydalanilgan.
Navoiy viloyati Tomdi tumani “Muruntog” QFY “Muruntog” aholi punktini ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 1 mlrd 700 mln soʻm mablagʻ evaziga 3 km 300 metr ichimlik suvi tarmoqlari tortilgan. Lekin loyihadagi kamchiliklar natijasida Tomdi tumanidagi 17 — 19-suv koʻtarish nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish koʻzda tutilmaganligi oqibatida aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan.
2019-2020-yillarda Investitsiya dasturi loyihalari roʻyxatiga kiritilgan qiymati 18 mlrd 900 mln soʻmlik Samarqand shahri “Boʻstonsaroy va A. Temur koʻchalari kesishmasidan Samarqand shahri aeroportigacha ichimlik suvi tarmoqlarini qurish” qurilish-montaj ishlari uchun mablagʻlar toʻliq moliyalashtirib berilgan boʻlsa-da, 2020-yilda foydalanishga topshirilishi lozim boʻlgan mazkur obyektning oʻz muddatida topshirilmaganligi oqibatida aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmagan.
2019-yilgi investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan umumiy qiymati 7 mlrd 200 mln soʻm boʻlgan Nurota tuman “Chashma tarixiy-meʼmoriy majmuasi” hududida oqova suv tarmoqlarini qurish ishlari pudrat tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlariga asosan amalga oshirilmagan, obyekt foydalanishga qabul qilinmagan, natijada mablagʻlar samarasiz sarflangan.
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan manzilli dasturlar doirasida ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.
Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, mahalliy hokimliklar, tegishli masʼul idora va tashkilotlar rahbarlari tomonidan ishlar yetarli darajada tashkil qilinmaganligi hamda suv taʼminoti tizimlarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatlari chuqur tahlil qilinmagan holda ishlab chiqilganligi oqibatida ajratilgan budjet mablagʻlari samaradorligiga erishilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 24-apreldagi “Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida”gi SQ-285-IV-sonli Qarori ijrosi boʻyicha Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi E. Gadoyevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmati tizimlari obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari, xalqaro moliya institutlari ishtirokida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borsin.
3. Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlari obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali va maqsadli sarflanishi boʻyicha Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ ishlari yetarli emasligi koʻrsatib oʻtilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda:
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlari obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ajratilgan mablagʻlarning samarali va maqsadli sarflanishi boʻyicha qatʼiy nazoratni kuchaytirsin;
aholiga ichimlik suvi yetkazib berish, suv inshootlarini rekonstruksiya qilish maqsadida respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar uchun ajratilgan maqsadli mablagʻlardan samarali foydalanish boʻyicha tizimli monitoring olib borsin;
loyihalashtirish, qurilish-montaj ishlarini boshlash jarayonida boʻlgan amaldagi yoki yangi oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish va qurishda, shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti hamda oqova suv tizimlarini yaxshilash obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishdagi kamchiliklarni bartaraf etish va loyiha-smeta hujjatlari puxta ishlab chiqilishini nazoratga olsin;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda obyektlarni tanlash jarayonida aholi talablarini inobatga olish choralarini koʻrsin.
5. Qurilish vazirligi Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarini qurish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishdagi kamchiliklarni bartaraf etib, ularni puxta ishlab chiqilishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari foydalanilgan ichimlik suvi uchun isteʼmolchilarning qarzdorligini qisqartirish hamda isteʼmolchilarga suv hisoblagichlarini oʻrnatish uchun “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning hududiy korxonalariga amaliy yordam koʻrsatsin.
7. Ushbu Qaror ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi, masʼul vazirlik va idoralar 2022-yilning 1-martiga qadar Oliy Majlis Senatiga axborot kiritsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 18-noyabr,
SQ-428-IV-son