Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 5-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3113-7]
Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 25-avgustdagi OʻRQ-711-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va “Notariat toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-son “Notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-yanvardagi 2-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3113, 2019-yil 4-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2019-y., 10/19/3113/2422-son) bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-noyabr,
18-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 4-noyabrdagi 18-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 27-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Koʻchmas mulk va avtotransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi maʼlumotlar bazasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarning ijro hujjatlari boʻyicha, shuningdek koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni tasdiqlash kommunal tashkilotlar axborot tizimlari orqali elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish, suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlaridan qarzdorligi mavjudligi onlayn rejimda tekshirilganidan keyin amalga oshiriladi. Bunda tekshirish oʻtkazilgan sana va vaqti koʻrsatilgan hamda maxsus QR-kodga ega boʻlgan tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi koʻchirma chop etiladi va tegishli hujjatlar yigʻmajildi bilan birga tikiladi. Elektron tizimlarda texnik nosozliklar boʻlganda, ushbu tashkilotlar bilan axborot almashuvi kuryerlik xizmati orqali amalga oshiriladi.”.
2. 196-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qarzdorning nomi va manzili (jismoniy shaxslar uchun tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi), qarzdor jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami;”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2021-y., 10/21/3113-7/1026-son)