Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirishning uzluksizligini taʼminlash toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligida islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning barcha tashkiliy boʻgʻinlari va bosqichlarini uzluksiz moliyalashtirish, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining resurs bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan Moliya vazirligiga Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi uchun 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar milliy valyutada 5 yil muddatga foizsiz ajratilsin.
2. Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va Sh.M. Gʻaniyev Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va qishloq xoʻjaligi texnikasi parkini yangilash bilan bogʻliq tadbirlarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-noyabr,
PQ-5272-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-noyabrdagi PQ-5272-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5041-son qarorining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Moliya vazirligi mazkur qarorning 4-bandi asosida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan 1,5 trln soʻm kredit resurslarining tijorat banklari tomonidan qaytarilmagan qismida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan 2026-yilda qoplanishini taʼminlasin.
Bunda, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga qoplangan mablagʻlar miqdoridagi vakolatli banklarning majburiyatlari Moliya vazirligi foydasiga qayta rasmiylashtiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-maydagi “Hududlarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5125-son qarorining 2-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “2022-2023-yillarda” soʻzlari “2026-yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushadigan daromadlar” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2021-y., 07/21/5272/1010-son)