Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 29-maydagi CQ-312-IV-sonli qarori bilan koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobni koʻrib chiqib hamda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisining axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Birinchidan, turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash va soliq imtiyozlari va preferensiyalarini berish, shuningdek, subsidiyalar, kreditlar, grantlar koʻrinishidagi moddiy yordam koʻrsatishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi taʼminlanmoqda.
Xususan, qayd etilganidek, 23 ta turistik tashkilotga 289,2 mln soʻm miqdorida, barpo etilayotgan uch yulduzli 3 ta mehmonxonaga 1 mlrd 200 mln soʻm miqdorida subsidiyalar, shuningdek, 37 ta turoperatorga 370,0 mln soʻm miqdorida va 11 nafar tarjimon-gidlarga 55,0 mln soʻm miqdorida grantlar ajratilgan. Bundan tashqari, 50 ta turoperatorga 1 mlrd 600 mln soʻm va 191 ta joylashtirish vositalariga 14 mlrd 500 mln soʻm miqdorida foizsiz ssudalar ajratilgan.
Mazkur chora-tadbirlar orqali ichki sayohatga moʻljallangan turistik paketlar narxlarini arzonlashtirish (maqbullashtirish) va mahalliy aholini sayohatga jalb qilishga erishilgan.
Ikkinchidan, sayohatchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (“Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN”) sanitariya-gigiyenik xavfsizlik tizimi ishga tushirilgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari va soha vakillarini safetravel.uz onlayn portali orqali oʻqitish, malaka sertifikatlarini berish va obyektlarni “Xavfsiz obyektlar yagona reyestri”ga kiritish tartibi joriy etilgan.
Uchinchidan, respublika aholisining havo transportidagi faolligini, shuningdek, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish, aviaqatnovlarning ommabopligini oshirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 2021-yilning bahor-yoz mavsumidan boshlab pandemiyadan oldin mavjud boʻlgan yoʻnalishlar tiklangan hamda mutlaqo yangi mahalliy yoʻnalishlar yoʻlga qoʻyilgan. Misol uchun, Fargʻona-Urganch, Fargʻona-Termiz, Samarqand-Namangan, Samarqand-Termiz, Samarqand-Urganch, Samarqand-Fargʻona yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, fuqarolarimizga qulay narxlarda aviachiptalar sotilishini taʼminlash maqsadida barcha mahalliy yoʻnalishlarda aviachiptalar narxi qariyb 29,7 foizgacha arzonlashtirilgan.
Toʻrtinchidan, turizmning qishloq, gastronomik, plyaj va choʻl hududlarida dam olish turizmi kabi qator yangi yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, yangi muz saroylari, umummavsumiy togʻ-changʻi kurortlari ham tashkil etilgan.
Beshinchidan, 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetida “Turizm logistikasi”, “Smart turizm” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda “Ziyorat turizmi”, “Madaniy merosni boshqarish” hamda “Muzey ishi” yoʻnalishi boʻyicha bir yillik magistraturada mutaxassis kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.
Oltinchidan, turizm sohasidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilari va ish beruvchilar oʻrtasida muloqot vazifasini bajaruvchi alohida platforma (http://travel-jobs.uz) yaratilgan.
Sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga qator kamchiliklar ham mavjud.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-sonli “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida nazarda tutilgan qator vazifalar toʻliq amalga oshirilmagan. Masalan:
mamlakatning mintaqaviy xalqaro aeroportlari uchun eng yaxshi nomlarni aniqlash uchun ommaviy tanlov oʻtkazilgan boʻlsa-da, tanlov natijalari eʼlon qilinmagan, aeroport nomlari boʻyicha qarorlar qabul qilinmagan;
“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” xavfsiz obyektlar tizimi mamlakatda keng tatbiq etilmagan. Jumladan, 1 361 ta joylashtirish vositasi hamda 200 ta madaniy meros obyekti va muzeylar, asosiy sayyohlik yoʻnalishlarida joylashgan yuzlab yirik va oʻrta umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyat olib borsa-da, faqat 30 ta obyekt (turoperatorlar va joylashtirish vositalari) va 210 dan ziyod davlat tashkilotlari tasarrufidagi obyektlar “Xavfsiz obyektlar yagona reyestri”ga kiritilgan, xolos;
Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasi sharoitida xavfsiz turizmni taʼminlash boʻyicha eng ilgʻor xalqaro tajribaga qaramay, turizm sohasi xodimlarining ommaviy emlanishini taʼminlash, monitoring qilish va nazorat qilish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmagan;
maqsadli mamlakatlar va bozorlar uchun alohida rejalashtirilgan marketing tadqiqotlarini ishlab chiqish va Oʻzbekistonning turistik mahsulotini targʻib qilish boʻyicha strategiyasini qayta koʻrib chiqish boʻyicha ishlar yakuniga yetmagan va tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmagan;
transport logistikasini rivojlantirish va bu orqali, birinchi navbatda, qoʻshni davlatlardan turistik oqimni oshirish boʻyicha ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmagan;
hududlarda turizm sohasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ularga yer uchastkalarini ajratish jarayonidagi muammolar haligacha dolzarb masala boʻlib qolmoqda;
Oʻzbekiston boʻylab ichki xizmatlar narx jihatidan oʻta raqobatbardosh boʻlishiga qaramasdan, aviachiptalarning narxi boshqa yoʻnalishlar bilan solishtirganda xorijiy sayyohlar uchun 30 — 50 foizga qimmat narxda saqlanib qolmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tegishli normativ-huquqiy hujjatlardagi turizm va unga turdosh sohalarni rivojlantirishga oid vazifalar (topshiriqlar)ning joylardagi ijrosi boʻyicha tizimli monitoring olib borsin hamda aniqlangan muammoli masalalarni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar koʻrsin;
bir oy muddatda mutasaddi vazirlik va idoralar kesimida turizm sohasidagi dolzarb masalalarning yechimiga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin hamda uning sifatli bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib borsin;
mazkur Qaror ijrosi toʻgʻrisida umumlashtirilgan axborotni 2022-yilning 15-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etsin.
3. Turizm va sport vazirligi uch oy muddatda:
xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sanitariya-gigiyenik xavfsizlik tizimining amaliy samaradorligini taʼminlash nuqtai nazaridan uni qayta koʻrib chiqsin hamda amaliyotga joriy etish boʻyicha choralar koʻrsin;
ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan, davlat va mintaqalar kesimida Oʻzbekiston turizm salohiyatini targʻib qilish boʻyicha alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mamlakatda xavfsiz turizmni tashkil qilish maqsadida soha vakillarini, xususan mehmonxonalar, madaniy meros obyektlari, turistik transport vositalari, ovqatlanish shoxobchalarida faoliyat yurituvchi shaxslar, turoperatorlar, gid-tarjimonlarni emlash boʻyicha alohida reja-grafik ishlab chiqib, uning ijrosini taʼminlasin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda respublika turizm sohasiga tegishli targʻibot-tashviqot materiallarini tayyorlasin va xalqaro miqyosda Oʻzbekiston sayohat uchun xavfsiz mamlakat sifatida eʼtirof etilishi boʻyicha aniq choralar koʻrsin hamda bu boradagi maʼlumotlarning Internet sahifalari, ijtimoiy tarmoqlar, xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
4. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park) tegishli nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda 2022 — 2024-yillarda turizm sohasidagi yangi startap loyihalarini amalga oshirish boʻyicha alohida tanlov tashkil qilsin.
5. Transport vazirligi ikki oy muddatda:
Turizm va sport vazirligi “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda mamlakatning hududiy xalqaro aeroportlariga eng yaxshi nomlarni aniqlash boʻyicha tanlovni qaytadan oʻtkazsin. Bunda tanlov natijalari samaradorligini oshirish va hududiy xalqaro aeroportlarga munosib nom berish maqsadida tadbirga keng jamoatchilikni va tarixchi olimlar va akademiklarni jalb etish belgilansin;
Davlat bojxona qoʻmitasi, Turizm va sport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-2023-yillarda qoʻshni davlatlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydigan turistik avtobuslar va temir yoʻl poyezdlari qatnovini joriy etishga qaratilgan tarmoq jadvalini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda avtomagistral yoʻllari, xalqaro ahamiyatdagi yoʻllar hamda tuman/shahar hududlaridagi zaxiraga olingan yer uchastkalari asosida turizm sohasi uchun “E-AUKSION” elektron savdo platformasiga chiqariladigan yer maydonlarining roʻyxatini shakllantirib, yer uchastkalarining “E-AUKSION” elektron savdo platformasiga chiqarilishini taʼminlasin;
respublika hududlarida sanitariya-gigiyenik shoxobchalar (SGSH) xizmatini yaxshilash maqsadida oʻrganishlar oʻtkazsin. Bunda bugungi va kelgusidagi ehtiyojni inobatga olgan holda yangi SGSH tashkil etish, taʼmirlash va ularni talabga moslashtirish, savdo-sotiq, xizmat koʻrsatish sohalarida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan subyektlarda SGSH tashkil qilish, mazkur yoʻnalishda istiqbolda tadbirkorlar uchun manfaatli takliflar ishlab chiqish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratsin;
oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, respublika hududlarida SGSHni rivojlantirish yuzasidan tarmoq jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Samarqand, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari hokimliklari Madaniy meros agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022-2023-yillarda xorijiy mutaxassislar loyihalari asosida Samarqandda “Ipak yoʻli” muzeyi, Termizda “Kushonlar tarixi”, Buxoroda “Islom dini allomalari” va Xivada “Qadimiy Xorazm tarixi” muzeylari faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin;
hokimliklar yuqorida qayd etilgan muzeylarni tashkil qilish maqsadida ularni 2022-2023-yillarga moʻljallangan hududiy investitsiya dasturlariga kiritish choralarini koʻrsin hamda natijasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsin.
8. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi R. Alimov zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 21-oktabr,
SQ-411-IV-son