Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 19-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 21-oktabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2021-yil 21-oktabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda) 483-moddasi quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilsin:
“2021-yilning 10-oktabridan 31-dekabriga qadar boʻlgan davrda goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning qoidalari 2021-yil 10-oktabrdan eʼtiboran yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-oktabr,
OʻRQ-725-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 03/21/725/0995-son)