Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyundagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 22-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3329]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-son “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1040-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirishga doir oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyundagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari 2021-yil 1-yanvardan davlat muzeylari, muzey-qoʻriqxonalari, uy-muzeylari va boshqa muzey turidagi tashkilotlardagi maʼmuriy-boshqaruv, ijodiy xodimlari va mutaxassislarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari oʻzgarganligini hisobga olib ish haqlarini qayta hisoblab toʻlanishini taʼminlasin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir O. NAZARBEKOV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-sentabr,
404-son
Kelishildi:
Moliya vaziri T. IShMETOV
2021-yil 20-sentabr
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
2021-yil 26-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining 2021-yil 29-sentabrdagi 404-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyundagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish
1. 6-ilova quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Izoh: maʼmuriy-boshqaruv xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari:
fan doktori ilmiy darajasiga yoki fan doktori (Doctor of Science) yoki xorijiy davlatlarning ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega boʻlganlarga — 2,5 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi;
fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy davlatlarning ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega boʻlganlarga — 2 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi.”.
2. 7-ilovaning izoh qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Izoh:
Ijodiy xodimlar va mutaxassislarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy taʼlim muassasalari tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeylari, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, “Samarqand” davlat muzey-qoʻriqxonasi, “Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasi, “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi, I. Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi, Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi muzeylarining bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 1,17 koeffitsiyentga;
viloyatlardagi tarix va madaniyat davlat muzeylarida bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari — 1,08 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi;
fan doktori ilmiy darajasiga yoki fan doktori (Doctor of Science) yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega boʻlganlarga — 2,5 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi;
fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega boʻlganlarga — 2 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 10/21/3329/0985-son)