Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 11-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2649-6]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2024-yil 5-fevraldagi 5-sonli ““Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2649-9, 22.02.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2014-yil 18-dekabrdagi 21-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2649, 2015-yil 19-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 3-son, 32-modda) bilan tasdiqlangan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XADJIBAYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-oktabr,
27-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2021-yil 8-oktabrdagi 27-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 7-bandning oltinchi xatboshisidagi “jamiyat salomatligi va sogʻliqni saqlashni tashkil qilish” degan soʻzlar “sogʻliqni saqlashni boshqarish va jamoat sogʻligʻini saqlash” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 10-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Attestatsiya “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot yoki farmatsevtika xodimi uchun ixtiyoriylik, shifokorlar uchun majburiylik, davriylik, xolislik va oshkoralik prinsiplari asosida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hududiy boʻlinmalari hamda Palata (bundan buyon matnda attestatsiyadan oʻtkazuvchi organlar deb yuritiladi) huzurida tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari (bundan buyon matnda attestatsiya komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.”.
3. 11-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Attestatsiya komissiyalarini tashkil etish uchun tegishliligi boʻyicha Palataning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududiy boʻlinmalari (bundan buyon matnda hududiy boʻlinmalar deb yuritiladi) yoki Palata tomonidan kamida yetti nafar aʼzodan, shu jumladan attestatsiya komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari va kotibidan iborat tarkibda nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi.
Attestatsiya komissiyalarining tarkibi Palata raisi tomonidan tasdiqlanadi.”.
4. 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Palata huzurida tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalari tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davolash-profilaktika muassasalari, tarmoq kasaba uyushmasi respublika kengashi vakillari kiritilishi mumkin.
Hududiy boʻlinmalar huzurida tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalari tarkibiga Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy boshqarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy boshqarmalari, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davolash-profilaktika muassasalari, hududiy kasaba uyushma birlashmalari kengashlari vakillari kiritilishi mumkin.”.
5. 14-bandning birinchi xatboshisidagi “Hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari” degan soʻzlar “Hududiy boʻlinmalar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 15-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi” degan soʻzlar “Palata” degan soʻz bilan almashtirilsin.
7. 16-bandda:
birinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi” degan soʻzlar “Palata” degan soʻz bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “jamiyat salomatligi va sogʻliqni saqlashni tashkil qilish” degan soʻzlar “sogʻliqni saqlashni boshqarish va jamoat sogʻligʻini saqlash” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari” degan soʻzlar “hududiy boʻlinmalar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Palata huzuridagi attestatsiya komissiyalarining doimiy ishchi organi Palataning Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalarini berish boʻlimi hisoblanadi.
Doimiy ishchi organ xodimlaridan bir nafari attestatsiya komissiyalari yigʻilishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.”.
9. 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Hududiy boʻlinmalar huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalarida doimiy ishchi organning vazifalari tegishliligi boʻyicha mazkur hududiy boʻlinmalarning Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalarini berish boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi.”.
10. 21-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Palata va uning hududiy boʻlinmalari huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari yigʻilishlarining yillik jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-sayti va tizimidagi ommaviy axborot vositalarida yanvar oyining oʻn beshinchi sanasiga qadar eʼlon qilinadi.”.
11. 40-bandda:
birinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi” degan soʻzlar “Palata” degan soʻz bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri” degan soʻzlar “Palata raisi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 45-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“45. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalarini berish hamda sertifikatlar rasmiylashtirish uchun talabgorlardan undiriladigan toʻlovlar Palataning budjetdan tashqari maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi.”.
13. 46-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Hududiy boʻlinmalar huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan yillik jadval boʻyicha barcha yigʻilishlar oʻtkazilgandan keyin, biroq keyingi yil yanvar oyining oʻn beshinchi sanasidan kechiktirmasdan oʻtkazilgan attestatsiya natijalari haqida Palataga axborot taqdim etiladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga berilgan malaka toifalarining hisobi Palata tomonidan yuritiladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2021-y., 10/21/2649-6/0949-son)