Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 8-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1988-4]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 19-oktabrdagi 13-mh-sonli ““Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-7, 19.10.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2009-yil 24-iyundagi 72-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 353-modda) bilan tasdiqlangan Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-oktabr,
17-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 7-oktabrdagi 18-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.”.
2. 1-bandning uchinchi xatboshisi “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlardan keyin “Adliya vazirligi huzuridagi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
3. Quyidagi mazmundagi 921 — 923-bandlar bilan toʻldirilsin:
“921. Talabnoma beruvchining xohishiga koʻra talabnomaning ekspertizasi vakolatli organ tomonidan tezkor tartibda, yaʼni talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oy mobaynida oʻtkaziladi.
Talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazish talabnoma beruvchining bu haqidagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi. Bunda ekspertizani tezkor tartibda oʻtkazish haqidagi iltimosnoma vakolatli organga talabnoma bilan bir paytda yoki u topshirilgan sanadan eʼtiboran uch oy davomida taqdim qilinishi kerak.
922. Talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazishda axborotni izlash tovar belgisining huquqiy muhofazaga layoqatliligini tekshirishdan oldin amalga oshiriladi.
Axborotni izlash talabnoma beruvchi va vakolatli organ oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladi.
923. Axborotni izlash rasmiy ekspertiza yakunlangan kundan boshlab oʻn kun ichida amalga oshiriladi va uning natijalari boʻyicha hisobot tuziladi.
Axborotni izlash natijalari boʻyicha hisobotda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
izlash oʻtkazilgan talabnoma raqami;
talabnoma topshirilgan sana;
talabnomada koʻrsatilgan belgining TXXK boʻyicha sinflari;
axborotni izlash oʻtkazilgan belgining tasviri;
maʼlumotlar bazalari, lugʻatlar, maxsus adabiyotlar roʻyxati;
bibliografik maʼlumotlar koʻrinishidagi axborotni izlashga aloqador hujjatlar, muayyan sinflarga havolalar. Agar talabnoma boʻyicha ilgariroq ustuvorlik soʻralayotgan boʻlsa, talabnoma topshirilgan sanadan avval, lekin ustuvorlik belgilangan sanadan keyin eʼlon qilingan belgilar alohida qayd qilinadi;
axborotni izlash yakunlangan sana.
Ommaga maʼlum boʻlgan har qanday maʼlumotlar axborot izlashning hajmiga kiritilishi mumkin.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 10/21/1988-4/0941-son)