Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MISR ARAB RESPUBLIKASIGA ELCHIXONA QURILISHI UCHUN YER UCHASTKASINI MULK QILIB SOTISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatiya vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlarning ish sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1995-yil 14-noyabrdagi PF-1287-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Amir Temur koʻchasida joylashgan maydoni 0,35 gektar boʻlgan yer uchastkasini Misr Arab Respublikasi elchixonasining qurilishi uchun Misr Arab Respublikasiga 637280 AQSH dollariga mulk qilib sotish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda koʻrsatib oʻtilgan yer uchastkasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Misr Arab Respublikasi Elchixonasi bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzsin;
koʻrsatib oʻtilgan yer uchastkasi yuzasidan Misr Arab Respublikasining mulkka egalik qilish huquqini tasdiqlovchi Davlat dalolatnomasini belgilangan tartibda bersin.
3. Yer uchastkasini Misr Arab Respublikasiga sotishdan olingan valyuta tushumi (belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga yoʻnaltiriladigan 5 foiz miqdordagi mablagʻlardan tashqari) metroning Yunusobod yoʻnalishi uchun butlovchi buyumlar xarid qilishga valyuta kontraktlari boʻyicha kreditorlik qarzlarni uzishda maqsadli foydalanish uchun istisno tariqasida Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga yoʻnaltirilsin.
4. Toshkent shahar hokimligi yer uchastkasiga mulkchilik huquqining oʻtishini roʻyxatdan oʻtkazsin va oldi-sotdi shartnomasi shartlariga muvofiq yer uchastkasini va yondosh hududni tayyorlash ishlarini amalga oshirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov va Toshkent shahar hokimi R.M. Shoabdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 2-oktabr,
338-son