Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan bayon etilgan gʻoyalar va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiya mamlakatimizning Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, mintaqaning ulkan tarixiy-madaniy va ijtimoiy-siyosiy salohiyatini yuzaga chiqarish yoʻlidagi tashabbuskorligini hamda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi yangi strategik qarashlarini oʻzida ifoda etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent konferensiyasidagi tarixiy nutqida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda oʻzaro ishonch hamda manfaatdorlik asosida mustahkamlash boʻyicha bir qator aniq va konstruktiv takliflar ilgari surildi.
Oʻzbekiston rahbarining Toshkent konferensiyasida ilgari surgan barcha tashabbuslari mintaqalararo birdamlikni, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, har ikki mintaqa davlatlari hayotida tub burilish yasash, azaliy qardosh xalqlarni jipslashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz Prezidenti nutqida bayon etilgan gʻoyalar va tashabbuslarni ilgari surishda parlament oldida turgan vazifalarni aniq belgilab olish, bu borada parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish talab etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan bildirilgan gʻoyalar va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (bundan buyon matnda — “Yoʻl xaritasi” deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi “Yoʻl xaritasi” yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatib, uning ijrosi toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin.
3. “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 21-avgust,
1302-IV-son