OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANK BOShQARUVINING
Qarori
Yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 18-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1470]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 10-martdagi 28/18-sonli ““Yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1470-4, 03.04.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-sentabrdagi “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 445-sonli qaroriga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2005-yil 12-mart,
3-A/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan
2005-yil 12-mart, 3-A/1-son
“TASDIQLANGAN”
Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan
2005-yil 12-mart, 3-A/1-son
“TASDIQLANGAN”
Yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-sentabrdagi “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 445-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi savdo va xizmat koʻrsatish korxonalarida yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanilgan holda tovarlar va xizmatlar uchun hisob-kitoblarni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
a) korporativ bank kartasi — yuridik shaxsga bank tomonidan beriladigan, korporativ bank kartasini saqlovchisiga karta hisobvaragʻida hisobda turgan pul mablagʻlarini tasarruf etgan holda tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni sotib olish uchun naqd pulsiz shaklda toʻlovlarni amalga oshirish huquqini beruvchi toʻlov kartasi;
b) korporativ bank kartasining saqlovchisi — yuridik shaxs va emitent bank oʻrtasidagi shartnoma asosida korporativ bank kartasidan foydalanuvchi yuridik shaxs yoki u vakolat bergan shaxs. Bunda yuridik shaxs bank kartasi saqlovchisi sifatida faqat u bilan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzgan ushbu yuridik shaxs xodimi boʻlgan shaxsga bank kartasi saqlovchisi sifatida vakolat berishi mumkin;
v) savdo va xizmat koʻrsatish korxonasi — ekvayer bank bilan tuzilgan bitimga muvofiq tovar (ish yoki xizmat)lar uchun korporativ bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan toʻlovlarni qabul qilish majburiyatini oluvchi mahsulot sotuvchi, ish bajaruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs (yoki yakka tartibdagi tadbirkor);
g) karta hisobvaragʻi — korporativ bank kartasi vositasida undagi pul mablagʻlarini tasarruf etish mumkin boʻlgan bank hisobvaragʻi;
d) bank kartalarining emissiyasi — bank kartalarini muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish borasidagi faoliyat;
e) emitent bank — bank kartalari emissiyasini amalga oshiruvchi, oʻzi emissiya qilgan bank kartalariga mulk huquqiga ega boʻlgan va ularning saqlovchilari va ekvayer banklar oldida ular tomonidan bank kartalaridan foydalanilgan holda hisob-kitoblarni amalga oshirish huquqlari boʻyicha oʻz nomidan majburiyatlarni zimmasiga olgan bank;
j) ekvayring — savdo va xizmat koʻrsatish korxonalari bilan bank kartalaridan foydalanib hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish;
z) ekvayer bank — ekvayringni amalga oshiruvchi bank.
2. Korporativ bank kartalarining emissiyasi “Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularni Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisida nizom”ga (roʻyxat raqami 1344, 2004-yil 30-aprel, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 17-son, 203-modda) muvofiq olib boriladi. Korporativ bank kartasining old tomonida bank kartasining majburiy rekvizitlari sifatida yuridik shaxsning rasmiy (firma) nomi yoki yuridik shaxsning yozma iltimosiga koʻra korporativ bank kartasini saqlovchi shaxsning familiyasi, ismi-sharifi koʻrsatilishi lozim.
3. Korporativ bank kartalaridan foydalanilgan holda hisob-kitoblar uchun moʻljallangan pul mablagʻlarining hisobi Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlari rejasiga (roʻyxat raqami 773-17, 2004-yil, 13-avgust — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 32-son, 369-modda) muvofiq 22620 — “Korporativ plastik kartochkalar boʻyicha majburiyatlar” balans hisobvaraqlarida yuritiladi.
2-bob. Korporativ bank kartalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan operatsiyalar
4. Karta hisobvaragʻini toʻldirish karta hisobvaragʻini ochgan yuridik shaxsning toʻlov topshiriqnomasiga asosan uning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidan amalga oshiriladi.
5. Korporativ bank kartalaridan foydalangan holdagi hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2465, 2013-yil 3-iyun) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Korporativ bank kartalarining saqlovchilari savdo va xizmat koʻrsatish korxonalarida milliy valyutadagi korporativ bank kartochkalaridan foydalangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizom”da, unga kiritilgan oʻzgartirishlar hisobga olingan holda, koʻzda tutilgan xarajatlarni toʻlash uchun naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishlari mumkin.
7. Korporativ bank kartalaridan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda toʻlash uchun sarf qilinayotgan pul mablagʻlari korporativ bank kartasining saqlovchisiga hisobdorlik sharti bilan beriladigan, qatʼiy tarzda belgilangan maqsadlarga ishlatiladigan mablagʻlar boʻlib hisoblanadi.
Korporativ bank kartasining saqlovchisi uni hisobdorlikka olgan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmagan holda korporativ bank kartalari vositasida ishlatilgan summalar toʻgʻrisida yuridik shaxsning buxgalteriyasiga hisobot taqdim etishi shart.
8. Xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash uchun korporativ bank kartasidan foydalanganda, korporativ bank kartasining saqlovchisi xizmat safaridan qaytganidan keyin qonunda belgilangan muddatda korporativ bank kartasi vositasida sarflangan summalar toʻgʻrisida buxgalteriyaga hisobot taqdim etishi shart.
Xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlar korporativ bank kartasi vositasida toʻlanganda, “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma”ga (roʻyxat raqami 1268, 2003-yil, 29-avgust — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 16-son) muvofiq qonunda belgilangan tegishli rekvizitlarga ega boʻlgan terminal kvitansiyalarining asl nusxalari va boshqa hujjatlar yuridik shaxs buxgalteriyasi uchun hisobot hujjatlari sifatida xizmat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Korporativ bank kartasi vositasida boshqa xarajatlar uchun toʻlovlar amalga oshirilganda hisobot hujjatlari sifatida terminallar kvitansiyalarining asl nusxalari, unga ilova qilingan tegishli savdo va xizmat koʻrsatish korxonalari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha toʻlovni terminal orqali qabul qilgan xizmatchining imzosi va “toʻlandi” muhri qoʻyilgan schyotlar va kvitansiyalar xizmat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Xoʻjalik ehtiyojlari uchun mayda ulgurji tartibda tovarlar uchun korporativ bank kartasi vositasida toʻlov amalga oshirilganda, terminallar kvitansiyalari asl nusxalari, unga ilova qilingan tovar schyotlari va qonunga muvofiq boshqa hujjatlar hisobot hujjatlari sifatida xizmat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Korporativ bank kartasiga uning saqlovchiga toʻlanadigan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar va dividendlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, korporativ bank kartalari vositasida naqd pul berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Karta hisobvaragʻidagi sarflanmay qolgan mablagʻlarni asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qaytarish toʻlov topshiriqnomasi bilan amalga oshiriladi.
3-bob. Oʻtkazilgan operatsiyalarning qonuniyligi uchun javobgarlik
13. Korporativ karta orqali amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligi uchun javobgarlik karta hisobvaragʻini ochgan yuridik shaxs zimmasida boʻladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
14. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri S. RAXIMOV
2005-yil 10-mart
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2005-yil 10-mart
Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi bosh direktori v.b. S. ABDULLAYEV
2005-yil 10-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 15-16-son, 121-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 10/19/1470-3/2457-son)