Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Jizzax shahrida Qozon Federal universiteti filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Qozon Federal universitetining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy taʼlim dasturlari asosida chuqur fundamental va ilmiy-amaliy bilimga ega yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, hududiy innovatsion-taʼlim tarmogʻini yaratish, raqamli taʼlim tizimini shakllantirish hamda ish beruvchilarning oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda Qozon Federal universitetining (Rossiya Federatsiyasi) (keyingi oʻrinlarda — Universitet) Jizzax shahrida Qozon Federal universitetining filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar Jizzax shahridagi Qozon Federal universitetining filiali (keyingi oʻrinlarda — Filial) faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
Keyingi tahrirga qarang.
oliy taʼlim sifatiga qoʻyiladigan xalqaro talablarga muvofiq geologiya, dasturiy injiniring, iqtisodiyot, mashinasozlik, davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya, tibbiy biokimyo kabi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
zamonaviy taʼlim dasturlari va oʻqitish shakllarini ishlab chiqish hamda joriy etish, oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng soʻnggi yutuqlarini tatbiq etish, oʻquv-pedagogik salohiyatni rivojlantirish;
fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ilm-fan va taʼlimning sifatini oshirish, ularning uzviyligini taʼminlash, jahon taʼlim va ilmiy hamjamiyatiga maqsadli integratsiyalashuv orqali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes-hamjamiyatlari bilan taʼlim hamda ilm-fan sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish.
3. Belgilansinki, Filial:
Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;
kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarni inobatga olgan holda oliy taʼlimning sifatiga qoʻyiladigan xalqaro talablarga mos taʼlim dasturlari asosida barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi;
taʼlim jarayonini Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv reja va taʼlim dasturlari asosida olib boradi;
Keyingi tahrirga qarang.
kadrlar tayyorlashni kunduzgi, sirtqi va boshqa taʼlim shakllarida olib boradi;
taʼlim faoliyatini 2022/2023 oʻquv yilidan boshlaydi;
abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazishni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy maʼlumot sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomini beradi;
faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradi.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Universitet:
Filial taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etadi;
Filial professor-oʻqituvchilari tarkibining 40 foizdan kam boʻlmagan miqdorini Universitet va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilarini dars berishga va ilmiy faoliyatga jalb etish orqali shakllantiradi;
Filial professor-oʻqituvchilarini mahalliy hamda xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va yetakchi korxonalarda qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tizimli ravishda tashkil etadi;
Filialning kutubxona fondini shakllantirish hamda uni zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan toʻldirishga koʻmaklashadi;
Filialning zarur oʻquv, laboratoriya va ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishini taʼminlaydi;
Filialning professor-oʻqituvchilari va talabalarini N.I. Lobachevskiy nomidagi kutubxonaning elektron resurslar bazasidan foydalanish imkoniyati bilan taʼminlaydi.
5. Belgilansinki:
Filialga bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga boʻlgan real ehtiyojini hisobga olib, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda Universitet bilan kelishilgan holda Filial tomonidan tasdiqlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Filialga talabalarni oʻqishga qabul qilish davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida taʼlim olgan Filial bitiruvchilari uch yildan kam boʻlmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi;
Filialda oʻqitishning toʻlov-kontrakt miqdori Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Universitet bilan kelishilgan holda Filial tomonidan belgilanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
2021/2022 oʻquv yilidan Universitet Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda “Dasturiy injiniring”, “Farmatsiya” va “Axborot tizimlari va texnologiyalari” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishga qabul qilingan talabalar kelgusida oʻqishlarini Filialda davom ettiradi;
Filial oʻttiz sutkadan ortiq muddatga Universitetdan jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilarning xizmat safari xarajatlari Rossiya Federatsiyasining oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan normalarga muvofiq qoplanadi;
Filial oʻquv jarayonining ehtiyojlaridan kelib chiqib, Universitetdan uzoq muddatga jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilarning mehnatiga haq toʻlash tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filialning dars jarayonida foydalaniladigan maxsus uskunalar va dasturlar bilan ishlash koʻnikmasiga ega, yuqori malakali xodimlari uchun Filialning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ustamalar belgilanishi mumkin;
Filialga ilmiy faoliyat olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professor-oʻqituvchilarning yashash xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflarda toʻlashga ruxsat beriladi;
2022-yilda Filial faoliyati yoʻlga qoʻyilgan kundan boshlab Filialni saqlash uchun budjet mablagʻlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida ajratiladi va keyingi yillardan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
6. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Filialga oʻqishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan oshmagan holda davlat granti asosida talabalarni oʻqitish uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari;
Keyingi tahrirga qarang.
talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan kelib tushadigan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Jizzax viloyati hokimligi (E. Saliyev):
Filialni Jizzax shahri, Sharof Rashidov koʻchasida joylashgan sobiq Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti bino va inshootlarining bir qismiga ijara haqining nol stavkasi asosida joylashtirsin;
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda simulyatsion va imitatsion oʻqitish usullari asosida Filialda oilaviy poliklinika tashkil etsin.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) Jizzax viloyati hokimligi (E. Saliyev) va Universitet bilan hamkorlikda:
2021-yil yakuniga qadar Filialning taʼsis hujjatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, Filialni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin;
2022/2023 oʻquv yili boshlanguniga qadar Filialni tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlasin;
2022-yilning yakuniga qadar Filial tarkibida OpenLab ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi faoliyatini tashkil etsin.
OpenLab laboratoriyasi respublika va chet el ilmiy tadqiqotchilari uchun fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishga moʻljallangan, zamonaviy jihozlangan ilmiy infratuzilmaga ega markaz sifatida faoliyat yuritishi inobatga olinsin.
9. Belgilansinki, Filialga ajratilgan:
bino, inshootlar va hududlarni saqlash bilan bogʻliq barcha xarajatlar, shu jumladan kommunal toʻlovlar Filial mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
oʻquv xonalari, talabalar turar joyi va xorijiy professor-oʻqituvchilar mehmonxonasini taʼmirlash va jihozlash Filialga 2022-yilda respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi mazkur banddagi tegishli chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni 2022-yildagi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Jizzax viloyat hokimligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Filial uchun bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash ishlarini 2023–2025-yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin.
10. 2024-yil 1-yanvarga qadar Filialni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, jihozlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan oʻquv va ilmiy-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventarlar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar bojxona bojidan ozod etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov, sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A.Sh. Inoyatov va Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-avgust,
PQ-5237-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 07/21/5237/0833-son; 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)