Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot siyosati, davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash boʻyicha faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida
Axborot siyosati, davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, shuningdek bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi ustidan tizimli parlament nazorati amalga oshirilishini kuchaytirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va Senat Kengashiga takliflar kiritish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish hamda doimiy monitoring qilish;
axborot siyosati, davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashga oid qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish, shu jumladan, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarining rasmiy veb-saytlarda joylashtirilishi, shuningdek davlat xaridlari, xizmat safarlari xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishi hamda yangilab borilishi toʻgʻrisidagi hisobot yoki axborotlarini eshitib borish;
axborot siyosati, davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashga oid mavjud qonunchilik bazasini tahlil qilish, umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
axborot siyosati, davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashga oid qonunlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga hamda xalqaro huquq normalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan koʻrib chiqish va tegishli xulosalar berish;
axborot siyosati, davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashga doir masalalar yuzasidan oʻrganishlar olib borish;
joylarda aholi, jumladan, axborot xizmati sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar va ommaviy axborot vositalari bilan bevosita muloqot qilish orqali axborot siyosati hamda davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash masalalariga oid haqiqiy ahvolni oʻrganish hamda bu borada aniqlangan dolzarb masalalarni parlament nazorati doirasida hal etish choralarini koʻrish;
jismoniy va yuridik shaxslarning axborot siyosati hamda davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash masalalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining tarkibida Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi kotibiyati tashkil etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi Senat devoni bilan birgalikda 2021-yil 1-iyulga qadar Qoʻmitaning vazifalari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini nazarda tutadigan nizom loyihasini ishlab chiqsin va Senat Kengashi muhokamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining devoni (A. Ziyayev) Qoʻmita kotibiyati faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan limitlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisiga 1 ta shaxsiy hamda Qoʻmita aʼzolari uchun 1 ta navbatchi yengil avtotransport vositasini ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratish masalasini hal etsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 25-iyun,
SQ-322-IV-son