Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Vazirlar Mahkamasiga 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv hamda innovatsiyalarga koʻmaklashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobini koʻrib chiqib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini bozor mexanizmlari asosida boshqarishni yanada jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-sonli Farmoni qabul qilinib, unga koʻra bugungi kunga qadar 541 ta davlat ulushi mavjud korxonalarning 247 tasi 2,3 trln soʻm qiymatda savdoga chiqarilib, 96 tasi 411,6 mlrd soʻmga sotilgan.
Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufidagi 6 ta yirik davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etilib, ularning kuzatuv kengashlariga 6 nafar chet ellik malakali ekspert mustaqil aʼzo sifatida jalb etilgan.
Geologik izlanishlar yoʻnalishida 400 mln dollarlik kredit shartnomalari rasmiylashtirilib, xalqaro banklar bilan 900 mln dollarlik sindikatlangan kredit ajratish toʻgʻrisida bitimlar tuzilgan.
Boʻsh turgan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini (obyektlarni) ishlab chiqarishga jalb qilish yuzasidan oʻtkazilgan xatlovlar natijasida 27 675 ta obyekt aniqlanib, 1 215 ta obyekt boʻsh turgan obyektlar toifasidan chiqarilgan, 1 146 ta obyektdan kelgusida samarali foydalanish belgilanib, 744 ta yangi obyektdan samarali foydalanish choralari koʻrilgan.
Yoqilgʻi-energetika va togʻ-kon metallurgiya sanoatlari korxonalarida resurs hamda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish darajasini oshirish, texnologik yuqotishlarni kamaytirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi PQ-4779-sonli qarori bilan yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, chora-tadbirlar belgilab olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2692-sonli qarori bilan 2017 — 2021-yillarda sanoat tarmogʻi korxonalari uchun ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishning maqsadli parametrlari tasdiqlangan.
Isteʼmolchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilib, 25 ming km elektr uzatish tarmoqlari hamda 8 mingdan ortiq transformator punktlari yangilangan, shuningdek, rekonstruksiya qilish natijasida 1,7 milliondan ortiq aholi xonadonlarida elektr taʼminoti yaxshilangan.
Iqtisodiyot tarmoqlarining texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlar sonini oshirish, innovatsion faoliyat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Fanlar akademiyasining tegishli yoʻnalishdagi ilmiy tashkilotlari ishlanmalarini tijoratlashtirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si ishlab chiqilgan.
Sanoatda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va xomashyo sohalarida qayta ishlashni koʻpaytirish, innovatsiyalar va ishlanmalarni jalb qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar natijasida 2010 — 2020-yillarda sanoatdagi yalpi qoʻshilgan qiymatning oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 105,5 foizni, iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha 106,3 foizni tashkil etgan.
Sanoatni raqamlashtirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, sanoatda bozor mexanizmlarini keng joriy etish, ilmiy yutuqlardan samarali foydalanish maqsadida 2030-yilgacha sanoatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va iqtisodiyotni raqamlashtirish koʻlamini kengaytirish boʻyicha telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun sohada yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi taʼminlangan.
Optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 81 ming km ni tashkil etib, joriy yil yakuniga qadar 118,6 ming km ga yetkazish rejalashtirilgan.
Bugungi kunga qadar 1,7 mln ta keng polosali Internet tarmogʻiga ulanish portlari oʻrnatilib, ularning umumiy sonini 2021-yil oxiriga qadar 3,9 mln taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Ijtimoiy soha obyektlarini yuqori tezlikdagi Internet bilan taʼminlash doirasida 9 347 ta xalq taʼlimi, 5 625 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti va 3 401 ta sogʻliqni saqlash obyektining yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga 2019-yilning shu davriga nisbatan aloqa kanallari ijarasi tariflari 2 barobar, 2020-yil davomida Internet xizmatlari tariflari 29 foizga arzonlashtirilgan.
Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini faol amalga oshirgan holda natijalari boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirib, uning onlayn tartibda yangilanib borilishini yoʻlga qoʻysin;
Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasiga har chorak yakuni bilan amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari yuzasidan axborot kiritsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 25-iyun,
SQ-330-IV-son