Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
“Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 15-iyun kuni qabul qilingan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 24 va 25-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining mazkur Qonun boʻyicha xulosasida bayon etilgan asoslarga koʻra rad etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga mazkur Qonun boʻyicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun kelishuv komissiyasini tuzish taklif etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidan kelishuv komissiyasi tarkibiga quyidagilar saylansin:
|
Choʻlliyev Shuxrat Askarovich |
— |
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari; |
|
Boqiyev Farxod Esanovich |
— |
Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari; |
|
Parpiyev Maxmud Mamatovich |
— |
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari. |
4. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 26-iyun,
SQ-340-IV-son