Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020-yil 16-apreldagi “Tumanda dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish, fermerlarning moliyaviy holatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi 34/06-06-sonli qarorini oʻrganish natijalari haqida
Xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020-yil 16-apreldagi “Tumanda dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish, fermerlarning moliyaviy holatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi 34/06-06-sonli qarorining qonuniyligi Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan oʻrganib chiqildi.
Qarshi tumani hokimining 2019-yil 13-fevraldagi X-1749/02-sonli qaroriga asosan fermer xoʻjaligini tashkil etish uchun fuqaro Elmurodov Dilshodga 10,1 gektar yer maydoni 49 yilga shartnoma bilan ijaraga ajratib berilgan.
Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Shuningdek, Yer kodeksining 24-moddasi hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga koʻra yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.
Amaldagi qonunchilikka rioya qilmasdan xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020-yil 16-apreldagi 34/06-06-sonli qarori qonun hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan.
Jumladan, xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020-yil 16-apreldagi 34/06-06-sonli qarori bilan Elmurodov Dilshod (“Bogʻi obod agro” fermer xoʻjaligi) va yana 16 nafar dehqon va fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi noqonuniy ravishda bekor qilingan.
Bundan tashqari, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida maʼmuriy organ manfaatdor shaxsga maʼmuriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha holatlar yuzasidan oʻz fikrini bildirish imkoniyatini berishi shartligi belgilangan boʻlsa-da, qaror qabul qilishda dehqon va fermer xoʻjaligi rahbarlarining ishtiroki taʼminlanmagan va unga holat boʻyicha oʻz fikrlarini bildirish imkoniyati berilmagan.
Mazkur Qonunning 19-moddasiga muvofiq maʼmuriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik maʼmuriy hujjatlarning va maʼmuriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta koʻrib chiqilishiga olib keladi.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 302-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020-yil 16-apreldagi “Tumanda dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish, fermerlarning moliyaviy holatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi 34/06-06-sonli qarori qonunchilikka zid deb topilsin va bekor qilinsin.
2. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (B. Tajiyev) zimmasiga yuklansin.
3. Mazkur Qaror manfaatdor tomonlarga yuborilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 25-iyul,
SQ-327-IV-son