Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdi.
Hisobot davrida pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramasdan koʻrilgan izchil chora-tadbirlar hamda olib borilgan fiskal va pul-kredit siyosati natijasida mamlakatda iqtisodiyotning barqaror oʻsish surʼatlarini taʼminlashga erishilgan. 2021-yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi 128,6 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,0 foizga oʻsgan.
Hisobot davrida inflyatsiya darajasi 2,7 foizni tashkil qilgan. Davlat qarzi esa, 23,4 mlrd. AQSH dollari miqdorida boʻlib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 30,4 foizga oshgan.
Davlat budjetining daromadlari 33,9 trln. soʻmni, xarajatlari esa 34,1 trln. soʻmni tashkil etib, Davlat budjeti taqchilligi 188,2 mlrd. soʻmni yoki YAIMga nisbatan 0,1 foizni tashkil qilgan.
Iqtisodiyotni rivojlantirish hamda isteʼmolni ragʻbatlantirish maqsadida ijtimoiy xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga oshib, 18,2 trln. soʻmni tashkil qilgan. Bunda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar 12,5 trln. soʻmni (16,1 foizga oshgan), ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlari 2,4 trln. soʻmni tashkil qilgan (62 foiz ortgan), aholi bandlik darajasini taʼminlash maqsadidagi xarajatlar esa 148,6 mlrd. soʻmni tashkil etgan holda 41 foizga oshgan.
Epidemiologik vaziyat sharoitida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va jamoat salomatligi xizmati hamda uning hududiy markazlariga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar uchun jami 387,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.
Hisobot davri davomida Davlat budjeti mablagʻlaridan maqsadli foydalanish bilan bir qatorda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Vazirliklar va idoralarda tashkil etilgan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan 2021-yil birinchi choragi davomida oʻtkazilgan 1 199 ta nazorat tadbirida jami 68,1 mlrd. soʻmlik moliyaviĭ xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan, shulardan 8,1 mlrd. soʻmning budjetga qaytarilishi taʼminlangan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimida oʻtkazilgan 248 ta nazorat tadbirlarining 198 tasida 43,3 mlrd. soʻm miqdorida qonunbuzilish holatlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida oʻtkazilgan 275 ta nazorat tadbirlarining 212 tasida 23,3 mlrd. soʻm miqdorida qonunbuzilish holatlari, Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida oʻtkazilgan 289 ta nazorat tadbirlarining 242 tasida 41,2 mlrd. soʻm miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yilning birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot Qonunda belgilangan tartibda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida va masʼul qoʻmitada dastlabki tarzda muhokama qilinganligini, ular tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinganligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2021-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
jahonda davom etayotgan koronavirus (COVID-19) pandemiyasi tufayli vujudga kelgan murakkab iqtisodiy sharoitda mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida investitsiya loyihalarini ustuvor amalga oshirishni uzluksiz davom ettirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, yoshlarning taʼlim olishi va bandligini taʼminlashga qaratilgan ishlarni tizimli ravishda davom ettirish;
aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlarning izchil bajarilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish;
“2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda, qabul qilingan davlat dasturlarining oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash, ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish, davlat jamgʻarmalari mablagʻlarining toʻgʻri taqsimlanishi va natijadorligini taʼminlashga qaratilgan shaffof mexanizmlarni yoʻlga qoʻyish, qurilish sohasida kapital qoʻyilmalardan oqilona foydalanish maqsadida oʻtkaziladigan tanlov (tender) savdolari hamda davlat xaridlarining ochiqligini taʼminlash borasida tizimli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjetida nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirishda budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligini hisobga olib, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan budjet daromadlari va xarajatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlagan holda, belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda sogʻliqni saqlash tizimidagi amaldagi barcha shtat normativlarini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish;
davlat budjetidan rezident yuridik shaxslarga budjet ssudasi ajratish jarayonlarini ochiqlik prinsiplari hamda aniq mezonlar asosida amalga oshirish;
budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishining birlamchi va joriy nazorati boʻyicha vazirliklar hamda idoralarning ichki audit va nazorat tuzilmalari faoliyati taʼsirchanligini oshirish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi zimmasiga qoʻmitaning maxsus hisob raqamlariga kelib tushgan mablagʻlarni Davlat budjetiga oʻz vaqtida oʻtkazib borilishini taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda soliq solish bazasini kengaytirish, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan budjet parametrlariga mos ravishda soliq turlari boʻyicha budjetga tushumlarni toʻliq taʼminlash, soliqlar yigʻish samaradorligi darajasini oshirish maqsadida boqimanda qarzdorliklarni kamaytirish hamda ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholini ijtimoiy himoya qilish, sogʻliqni saqlash va taʼlim sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar maqsadli sarflanishi yuzasidan aniq takliflar kiritib borish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqayotganda tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatning iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida jozibador investitsiya muhitini shakllantirish, shuningdek “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari, davlat tashqi qarzi hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oʻrganish natijalari boʻyicha taklif va tavsiyalar kiritib borsin;
tegishli sohalarga ajratilayotgan mablagʻlarning samaradorligi yuzasidan soha rahbarlarining axborotini eshitib borsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga saylov okruglariga chiqilganda hamda hududlarda tashkil etiladigan oʻrganishlarda mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilishi evaziga hosil boʻlgan qoʻshimcha mablagʻlardan har bir hududning dolzarb muammolaridan kelib chiqqan holda maqsadli va samarali foydalanilayotganligini, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalariga yoʻnaltirilgan budjet mablagʻlarining natijadorligini oʻrganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati, soliq va moliya organlari bilan hamkorlikda tizimli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-may,
996-IV-son