Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 5-fevraldagi “Ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida”gi SQ-234-IV-sonli qarori ijrosi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar holati yuzasidan yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobni oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 11-sentabrdagi SQ-137-IV-sonli Qarori bilan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari boʻyicha batafsil oʻrganilmagan ayrim masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2021-yil 17-fevraldagi 08/2-56-sonli topshirigʻi asosida Ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqilgan.
Shuningdek, Qaror ijrosining borishi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisida muhokama qilinib, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini rivojlantirish yuzasidan 2021-yilda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan hamda parlament soʻrovida qoʻyilgan masalalarga yuzaki yondashgan mutasaddilarning masʼuliyatini oshirish choralari koʻrilgan.
Parlament soʻrovida koʻtarilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan.
Xususan, milliy ilm-fan va innovatsiya tizimini ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiyotdagi oʻrnini oshirish, hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-aprelda “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Shuningdek, ilm-fan sohasiga Jahon bankining 50 mln AQSH dollari ekvivalentidagi imtiyozli qarz mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Joriy yildan boshlab yoshlarni ilm-fanga yanada kengroq jalb etish maqsadida Hukumatning 2021-yil 19-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 222-sonli qarori bilan “Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish, “Boʻlajak olim” tanlovini oʻtkazish hamda “Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish” tartiblari toʻgʻrisida nizomlar tasdiqlangan, shuningdek, doktoranturaga kvotalarni bosqichma-bosqich oshirish belgilangan.
Shu bilan birga doktorantlar bilan ishlash, ular tomonidan olib borilayotgan ishlarni nazorat (monitoring) qilish choralari yetarli darajada tashkil etilmagan. Jumladan, soʻnggi toʻrt yil mobaynida ilmiy darajali kadrlar tayyorlash institutlari mavjud boʻlgan 125 ta oliy taʼlim muassasasi va ilmiy tashkilotlarda jami 1 795 nafar tadqiqotchi doktorantura bosqichini tamomlagan boʻlsa-da, ularning faqatgina 1 080 nafari (60,2 foiz) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini belgilangan tartibda himoya qilgan (313 nafari yoki 29,0 foizi oʻz muddatida himoya qilgan), xolos.
Oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilot rahbarlari tomonidan har chorakda izlanuvchilar faoliyatini tanqidiy monitoring qilish, shuningdek, oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimidan roʻyxatdan oʻtmagan izlanuvchilarning dissertatsiya ishlarini himoya qilishlariga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilmoqda.
Mustaqil tadqiqotchi va professor-oʻqituvchilarning maqolalari nufuziga qarab moddiy ragʻbatlantirish tizimi yaxshilangan.
Jumladan, iqtidorli yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida matematika, kimyo, biologiya va geologiya yoʻnalishlari boʻyicha “Scopus” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasi boʻyicha bittadan eng yuqori “h-indeks”ga (Xirsh indeksi) erishgan 40 yoshgacha boʻlgan olimlarga 100 mln soʻm miqdorida bir martalik toʻlanadigan mukofot puli berilmoqda.
Har bir oliy taʼlim muassasasida professor-oʻqituvchilarni “Scopus” ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga kiritilgan nufuzli ilmiy jurnallarda nashr etilgan ilmiy maqolalardan foydalanishi uchun oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish imkoni yaratilgan.
Ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021-yil 1-sentabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich oʻtkazish belgilanib, 2021-yilda ilm-fan sohasida oliy taʼlim muassasalaridagi doktorantlar sonini 4,5 mingtaga yetkazish yoki 2017-yilga nisbatan 3 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Oliy taʼlim muassasalarining axborot-resurs markazi tizimi isloh qilinmoqda. Jumladan, respublikamizda faoliyat yuritayotgan 132 ta oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan axborot-resurs markazlari fondi 3 847 873 nomdagi jami 23 123 763 nusxa materiallardan (1 154 362 nomdagi 4 624 753 nusxa ilmiy adabiyotlar, 731 096 nomdagi 2 312 376 nusxa badiiy adabiyotlar) tashkil topgan.
Axborot-resurs markazlari tomonidan yaratilgan ishlanmalarni taʼlimga joriy qilish, tijoratlashtirish, moliyalashtirish hamda ragʻbatlantirishning zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish vazifalarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarining axborot-resurs markazlari faoliyatini tubdan takomillashtirish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, mazkur hujjat bilan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 5-fevraldagi “Ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida”gi SQ-234-IV-sonli Qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 9-sentabrdagi SQ-137-IV-sonli Qaroriga muvofiq yuborilgan parlament soʻrovida belgilangan masalalar yuzasidan Hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar rejasining ijrosi boʻyicha 2021-yil 25-dekabrga qadar Senatga maʼlumot taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish yuzasidan 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturi bajarilishi yuzasidan 2023-yil 1-yanvarga qadar har yarim yillikda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasiga hisobot bersin;
bir oy muddatda Oliy attestatsiya komissiyasi bilan birgalikda ilmiy izlanuvchilarning xorijiy nashrlarda chop etilgan maqolalari tan olinishi tartibi va ularni baholash tizimini qayta koʻrib chiqsin hamda takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O. Iminov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 29-may,
SQ-316-IV-son