Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. Quyidagilar:
2009-yil 20-noyabrda Yalta shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida imzolangan MDH ishtirokchi-davlatlarining hududidan oʻtuvchi xalqaro transport yoʻlaklarini kelishilgan holda rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitim;
2016-yil 28-oktabrda Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida imzolangan MDH ishtirokchi-davlatlarining hududidan oʻtuvchi xalqaro transport yoʻlaklarini kelishilgan holda rivojlantirish toʻgʻrisidagi 2009-yil 20-noyabrdagi bitimga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma tasdiqlansin.
2. Transport vazirligi mazkur xalqaro shartnomalarni amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda ularni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnomani yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari mazkur xalqaro shartnomalar kuchga kirgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan oʻrnatilgan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-may,
PQ-5126-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2021-y., 07/21/5126/0504-son)