Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi ustidan oʻrnatilgan parlament nazorati natijalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 30-oktabrda qabul qilingan “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi ustidan parlament nazoratini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 528-IV/QQ-145-IV-sonli Qoʻshma qaroriga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror va jadal rivojlantirish darajasini oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida ijro hokimiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ustidan tizimli parlament nazorati joriy etildi.
Qoʻshma qarorning ijrosini taʼminlash maqsadida hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni tahlil qilib borish hamda rivojlanish koʻrsatkichlari borasida ortda qolayotgan tuman va shaharlar boʻyicha oʻz vaqtida tegishli chora-tadbirlar koʻrishga doir ishlar monitoringi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida tuman (shahar) hokimlarining hisobotlarini eshitish ishlari palatalar tomonidan tasdiqlangan tartibga binoan amalga oshirib borilgan.
Qaror talablariga koʻra vazirlik va idoralar tomonidan tezkor statistik koʻrsatkichlar hamda Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan aholi oʻrtasida va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar oʻrtasida 2020-yil yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalari hududlarni reyting baholash axborot tizimiga kiritilib, mavjud 206 ta tuman va shaharning 204 tasi boʻyicha reyting ballari aniqlangan.
Koʻrilgan choralar natijasida 2019-yil yakunida reyting koʻrsatkichi qoniqarsiz darajada boʻlgan 33 ta tuman (shahar)ning 3 tasi oʻz hududlarida eng yuqori koʻrsatkichlarga erishgan boʻlsa, 24 ta tuman (shahar)ning koʻrsatkichlari sezilarli darajada yaxshilangan va 6 ta tumanning koʻrsatkichlari hududning oʻrtacha koʻrsatkichidan pastligicha qolgan.
Shuningdek, 28 ta tuman (shahar)ning 2020-yilgi koʻrsatkichlari ham oʻtkazilgan soʻrovnomalar asosida baholanganda past darajaga tushganligi aniqlangan.
Reyting natijalariga koʻra “yaxshi” baholangan tuman (shahar) mansabdor shaxslari ragʻbatlantirilib, 2019-yilda faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan, yaʼni tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting baholash koʻrsatkichlari pasayishiga, belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan 33 ta tuman (shahar) hokimlari, ularning 197 nafar oʻrinbosari hamda sektor rahbarlariga intizomiy choralar koʻrilgan.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash natijalari boʻyicha “qoniqarsiz” deb topilgan hududlarda foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash, ushbu hududlarni rivojlantirishga turtki beradigan yoʻnalishlar boʻyicha tizimli muammolarni hal etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri huzurida muhokamalar oʻtkazilgan.
Shuningdek, faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan 33 ta tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida “Hal etilishi lozim boʻlgan muammolarning manzilli roʻyxati” Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan mutasaddi vazirliklar, idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga, “Rivojlanish koʻrsatkichlari ortda qolayotgan tuman va shaharlar boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini doimiy monitoring qilish tartibi”da belgilangan ayrim vazifalarni muddatida bajarmaslik yoki qisman bajarish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, tartibning 14-bandida belgilangan vazifalarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahar muvofiqlashtiruvchi guruhlaridan tashqari boshqa barcha guruhlar tomonidan ijrosining taʼminlanishi talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan.
Qayd etish lozimki, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni doimiy tahlil qilib borish hamda rivojlanish koʻrsatkichlarida ortda qolayotgan tuman va shaharlar boʻyicha mavjud chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan tizimli monitoringni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Rivojlanish koʻrsatkichlari ortda qolayotgan tuman va shaharlarda mavjud resurslardan toʻlaqonli foydalanish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha parlament nazoratini kuchaytirish orqali hududlardagi muammolarni hal qilishga koʻmaklashish talab etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Hududlarning 2020-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish koʻrsatkichlariga asoslangan reyting baholash natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hududlarning 2020-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish koʻrsatkichlariga asoslangan reyting baholash natijalariga doir (tezkor) axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4702-sonli qarorida belgilangan muddatda taqdim etmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari va hududlarga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolariga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting baholash koʻrsatkichlari boʻyicha salbiy natijalar kuzatilayotgan 28 ta tuman (shahar)da quyidagi ishlarni tashkil etish va amalga oshirish tavsiya etilsin:
xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining sessiyalarida reyting baholash koʻrsatkichlari natijalari boʻyicha hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dasturlari ijrosi hamda tuman va shahar hokimlarining hisobotlari muhokamasida ishtirok etish;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, tuman (shahar)larni rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish boʻyicha belgilangan amaliy chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda monitoring qilish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ortda qolayotgan hamda reyting koʻrsatkichlari past boʻlgan hududlarda mavjud resurslardan toʻlaqonli foydalanish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, respublika darajasida hal etiladigan masalalarga oid taklif hamda tavsiyalar umumlashtirilgan holdagi xulosalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qoʻmitalariga kiritib borish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitalari:
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshirilayotgan hududlar reyting koʻrsatkichlarini shakllantirish monitoringi asosida tegishli vazirliklar va idoralar ishtirokida reyting baholash koʻrsatkichlari past boʻlgan tuman va shaharlarda amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini qoʻmitalar majlislarida muhokama qilib borsin;
hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari natijalarini yaxshilashga erishish boʻyicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan xulosalar, taklif va tavsiyalarni oʻrganib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qoʻshma majlisida koʻrib chiqish uchun 2021-yilning 1-iyuliga qadar kiritsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar Kengashlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash natijalarini hamda bu borada aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni sessiyalarda taʼsirchan va tanqidiy muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev)ga, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev)ga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish natijalari muhokamasiga bagʻishlab oʻtkaziladigan sessiyalarini respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritish holatining talab darajasida emasligidan kelib chiqqan holda uni kuchaytirish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Qoʻshma qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
8. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-aprel,
914-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 30-aprel,
KQ-222-IV-son