Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand davlat universitetining Kattaqoʻrgʻon filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada oliy taʼlimning talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarida oʻqitishni hududlarda tashkil etish, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish, talabalarni oʻqishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni taʼminlash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga raqamli va pedagogik texnologiyalar hamda zamonaviy usullarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2022-yillarda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 23-sentabrdagi 580-son qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Samarqand viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahrida Samarqand davlat universitetining Kattaqoʻrgʻon filialini (keyingi oʻrinlarda — Filial) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududda pedagogika, iqtisodiyot, transport logistikasi sohalarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda ehtiyoj yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha amaliy koʻnikmalarni egallagan professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;
xorijiy yetakchi va nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv va ilmiy-metodik taʼminotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;
taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash;
tegishli soha yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarga iqtidorli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filial ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilgʻor taʼlim texnologiyalari, shu jumladan masofaviy oʻqitish uslublarini joriy etish;
Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribani tatbiq etish.
3. Belgilansinki:
Filial Samarqand davlat universitetining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
Filialda taʼlim faoliyati 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi;
Filialga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida teng ulushda qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Filial Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Paxtachi, Ishtixon va Nurobod tumanlaridagi umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida tegishli fanlardan dars mashgʻulotlarini olib boruvchi oʻqituvchilarga doimiy ravishda ilmiy-metodik yordam koʻrsatib boradi;
Filialning pedagogik va ilmiy salohiyatini oshirish, taʼlim jarayonini sifatli tashkil etish uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida, shuningdek, joylashuv hududini inobatga olib, Filial professor-oʻqituvchilari va xodimlariga mehnatga haq toʻlashda mos ravishda yagona tarif setkasi razryadlariga koʻra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 1,4 baravar miqdorda hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2021-yil 1-iyulga qadar:
Filial tuzilmasi oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlanishini taʼminlasin;
Filial ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
Filialni tanlov asosida, shu jumladan respublika oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan amaliy tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlasin;
Filialda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
belgilangan tartibda Filialning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasi tasdiqlanishini va roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Filial axborot-resurs markazini qoʻshimcha oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Respublika oliy taʼlim tizimidagi mavqeyi, ilmiy salohiyati, uzoq yillar davomida shakllangan anʼanalarini inobatga olgan holda, Samarqand davlat universiteti Filialga quyidagi yoʻnalishlarda koʻmak berib borsin:
salohiyatli kadrlarni jalb etgan holda taʼlim va ilmiy faoliyatni sifatli tashkil etish;
taʼlim, tarbiya, ilmiy va metodik jarayonlarni samarali boshqarish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
darslik, oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv-metodik materiallar va axborot resurslari bilan taʼminlash;
professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va iqtidorli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish va ilmiy maktablarni rivojlantirish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Filialni salohiyatli professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash maqsadida respublikaning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tegishli sohalar boʻyicha 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab magistraturada va 2022-yildan boshlab tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash choralarini koʻrsin.
7. Samarqand viloyati, Kattaqoʻrgʻon shahar, Amir Temur koʻchasi, 27-uy manzilida joylashgan sobiq Samarqand davlat chet tillar instituti huzuridagi 2-son akademik litseyining bino va inshootlari Filialga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin.
8. Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, talabalarning toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olishidan, xoʻjalik faoliyati va shartnomalar asosida xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, xalqaro moliya tashkilotlarning grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblarga binoan tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Filial uchun qoʻshimcha oʻquv binosi, 2 ta talabalar turar joyi binolari, sport inshootini qurish hamda mavjud bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash loyihalarini 2022-yil hamda keyingi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Filialning boshlangʻich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida unga ajratilgan bino va inshootlarni joriy taʼmirlash va jihozlash (mebel, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalarini xarid qilish) ishlari Samarqand davlat universitetining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga qoplanadi;
Filialda qoʻshimcha sport inshootlari barpo etilguniga qadar Filial talabalari, shu jumladan sport faoliyati bakalavriat taʼlim yoʻnalishida taʼlim oluvchilarning sport mashgʻulotlari Kattaqoʻrgʻon shahar bolalar va oʻsmirlar sport maktabining bazasida bepul amalga oshiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda respublikadagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari tomonidan ularning yuqori malakali professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda Filialda onlayn maʼruza oʻtkazish hamda masofaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish uchun uch oy muddatda belgilangan tartibda telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan taʼminlash, shuningdek, Filialni yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻi hamda “Elektron taʼlim” milliy tarmogʻiga ulash choralarini koʻrsin.
12. Samarqand viloyati hokimligi Filial faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida faoliyat yuritish uchun jalb etiladigan malakali professor-oʻqituvchilarni belgilangan tartibda xizmat uylari bilan taʼminlasin.
13. Filialga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta navbatchi yengil avtotransport vositalarini saqlash uchun limit ajratilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 18-may,
307-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2021-y., 09/21/307/0469-son)