Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil 25 — 31-mart kunlari saylov okruglarida oʻtkazilgan uchrashuvlari yakunlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari U. Inoyatovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil 25 — 31-mart kunlari saylov okruglarida oʻtkazilgan uchrashuvlari yakunlari toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, deputatlar oʻz saylov okruglarida boʻlib, saylovchilar bilan uchrashuvlar, ochiq muloqotlar oʻtkazishdi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosini oʻrganib, tahlil qilishdi.
Uchrashuvlarda asosiy eʼtibor aholini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, parlament tomonidan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirish, joylarda huquqni qoʻllash amaliyotining holatini hamda saylovchilarni oʻylantirayotgan muammolarni oʻrganib, ular natijasida amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqishga qaratildi.
Uchrashuvlar davomida deputatlar tomonidan jami 2 385 ta xonadonga tashrif buyurilib, 1 640 ta uchrashuv oʻtkazildi. Ularda 35 ming nafardan ziyod fuqaro, shu jumladan 3 700 nafardan ortiq tadbirkor bilan bevosita muloqotlar tashkil etildi. Shuningdek, “Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi” doirasida aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqotlar ham oʻtkazildi.
Deputatlar tomonidan aholi bilan oʻtkazilgan suhbatlar, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalardagi uchrashuvlarda 4 516 ta turli darajadagi masalalar koʻtarildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida aholi tomonidan koʻtarilgan 2 002 ta (44,3 foiz) masala joyida hal etildi. Jumladan, deputatlarning koʻmagida 66 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 50 dan ziyod xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi hamda 20 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun bank krediti va 15 nafar fuqaroga esa yer ajratildi.
Uchrashuvlar mobaynida aholi tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni bevosita mutasaddilar ishtirokida hal etish maqsadida saylov okruglarida deputatlar tomonidan sayyor qabullar ham tashkil etilib, ularda 6 004 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Shuningdek deputatlar tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalarida aholining sifatli tibbiy yordam olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi, mavjud muammolar atroflicha oʻrganildi. Xususan, 100 nafardan ziyod fuqaroning tibbiy-ijtimoiy xizmatdan foydalanishida amaliy yordam koʻrsatildi.
Saylovchilar bilan oʻtkazilgan muloqotlar chogʻida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash borasida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka yetkazildi.
Deputatlar joylardagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalari hamda Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari bilan hamkorlikda ishlab, oʻz hududida yashayotgan aholi muammolarini atroflicha oʻrgandilar va ularni bartaraf qilishda faol ishtirok etdilar.
Mahalliy Kengashlarda tashkil etilgan kotibiyatlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida deputatlar tomonidan ushbu kotibiyatlarga doimiy ravishda uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish tizimi yaratildi.
Saylov okruglaridagi uchrashuvlar davomida joylardagi tibbiyot va taʼlim muassasalarining faoliyatini samarali tashkil etish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlashda toʻsiq boʻlayotgan muammolar, maktablarning moddiy-texnika bazasi talab darajasida emasligi deputatlar eʼtiborida boʻldi.
Jumladan, bugungi kunda yangi uy-joylar va koʻp qavatli turarjoy binolarini qurish hajmi keskin oshganiga qaramay, yangi paydo boʻlayotgan massivlarda maktab va bogʻcha binolar barpo etilmasdan qolmoqda. Bu esa, mavjud taʼlim muassasalarida oʻrin yetishmasligiga sabab boʻlib, fuqarolarning haqli eʼtirozlarini keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek ayrim umumtaʼlim maktablarida darsdan tashqari mashgʻulotlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar talab darajasida emasligi, ayrim maktablarda oshxonalar umuman yoʻqligi, ishlab turgan oshxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyishda esa koʻplab muammolar mavjudligi kuzatildi. Aholi bilan oʻtkazilgan muloqotlar chogʻida pandemiya sharoitida taʼlim muassasalarida oʻqitish onlayn (masofaviy) shaklda davom ettirilgani tufayli oʻqitish sifati va samaradorligi pasayib ketayotganligi ota-onalar tomonidan bildirildi.
Hududlardagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyati oʻrganilganda ularni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda zarur infratuzilmalar bilan taʼminlashda qator muammolar yuzaga kelayotganligi, xususan, gaz va elektr tarmoqlariga ulanish, yoʻl infratuzilmalarini qurish hamda transport-logistika tizimiga bogʻlash bilan bogʻliq, hal etilishi lozim boʻlgan qator masalalar mavjudligi aniqlandi.
Joylarda aholining bandligini taʼminlash, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlikni kamaytirish borasida olib borilayotgan ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotgani kuzatildi. Hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish jiddiy masalalardan biri boʻlib qolmoqda.
Deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari davomida aholini tashvishlantirayotgan yana boshqa qator masalalar ham aniqlandi hamda deputat va parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda ularni hal qilish choralarini koʻrish lozimligi qayd etildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, deputatlarning saylov okruglaridagi ishini samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari U. Inoyatovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil 25 — 31-mart kunlari saylov okruglarida oʻtkazilgan uchrashuvlari yakunlari toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Deputatlarning 2021-yil 25 — 31-mart kunlari saylov okruglarida oʻtkazilgan uchrashuvlari yakunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining joriy yil 2 — 8-aprel kunlari oʻtkazilgan majlislarida koʻrib chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. OʻzLiDeP fraksiyasining “hukumat soati” doirasida qurilish vaziri va xalq taʼlimi vazirining hududlarda yangi barpo etilayotgan massivlarning bosh rejasini ishlab chiqishda ushbu hududlarda yangi maktab va bogʻchalar qurilishini inobatga olish hamda koʻp qavatli turar joylar qurilishida ularga mutanosib ravishda yangi oʻquvchi oʻrnini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan deputatlar savollariga javoblarini eshitish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
4. OʻzLiDeP fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻztransgaz” AJ hamda “Milliy elektr tarmoqlari” AJga erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan taʼminlash, ulardagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan koʻrilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan parlament soʻrovini yuborish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
5. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” DP fraksiyasining Qonunchilik palatasi majlisida xalq taʼlimi vazirining “Maktablarda darsdan tashqari mashgʻulotlar oʻtkazish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda maktab oshxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ularda toʻgʻri ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish haqidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
6. Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari B.A. Musayevga pandemiya sharoitida taʼlim muassasalarida onlayn (masofaviy) oʻqitishning sifati va samaradorligini taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston XDP fraksiyasining “hukumat soati” doirasida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasining shakllantirilishi hamda uning bajarilishi toʻgʻrisida”gi deputatlar savollariga javoblarini eshitish haqidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
8. Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasiga (E. Borisova):
joylarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning tashkil etilishi holatini, ayniqsa, olis va chekka hududlardagi faoliyati toʻxtatilgan ayrim oilaviy shifokor punktlari faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyish ehtiyojini oʻrganish;
mahallalarda bolalar, tugʻish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi boʻlganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi boʻlgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimini joriy etish borasidagi ishlar holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish hamda asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish vazifalari yuklatilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari saylov okruglarida aholi tomonidan koʻtarilgan masalalarni atroflicha oʻrganish hamda zarurat boʻlsa, tegishli qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
oʻz majlislarida deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari yakunlarini koʻrib borish va unga tegishli baho berish;
deputatlarning saylov okruglaridagi ishining amaliy natijadorligiga erishish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish;
saylovchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida koʻtarilgan masalalarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tegishli mansabdor shaxslariga deputat soʻrovlarining belgilangan tartibda yuborilishini tashkil etish;
uchrashuvlar davomida respublika darajasida aniqlangan masalalarni parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda bartaraf etish choralarini belgilash;
deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatini bugungi kun talablari asosida yanada samarali tashkil qilish, shuningdek xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va mahalliy Kengashlardagi kotibiyatlarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlarni kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqish tavsiya etilsin.
11. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
12. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-aprel,
861-IV-son