Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi
Qarori
Ochiq valyuta pozitsiyasini yuritish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 7-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3301]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Ochiq valyuta pozitsiyasini yuritish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-aprel,
8/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 30-apreldagi 8/1-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ochiq valyuta pozitsiyasini yuritish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq ochiq valyuta pozitsiyalari limitlarini, ularni hisoblash hamda banklar tomonidan ochiq valyuta pozitsiyalari limitlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishning oʻziga xos jihatlarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
valyuta pozitsiyasi — bankning chet el valyutasidagi talab va majburiyatlarining oʻzaro nisbatini ifodalovchi koʻrsatkich boʻlib, u bankning chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalarini hamda boshqa operatsiyalarni amalga oshirishi natijasida chet el valyutasidagi talablari va majburiyatlari miqdori oʻzgarishi oqibatida yuzaga keladi;
ochiq valyuta pozitsiyasi — bankning chet el valyutasidagi talablari miqdori uning chet el valyutasidagi majburiyatlari miqdoriga mos (teng) boʻlmagan holatdagi valyuta pozitsiyasi;
uzun valyuta pozitsiyasi — bankning chet el valyutasidagi talablari miqdori uning chet el valyutasidagi majburiyatlari miqdoridan ortiq boʻlgan holatdagi ochiq valyuta pozitsiyasi;
qisqa valyuta pozitsiyasi — bankning chet el valyutasidagi majburiyatlari miqdori uning chet el valyutasidagi talablari miqdoridan ortiq boʻlgan holatdagi ochiq valyuta pozitsiyasi;
ochiq valyuta pozitsiyalari jami miqdori — barcha turdagi chet el valyutalari boʻyicha ochiq valyuta pozitsiyalari yigʻindisi;
qisqa valyuta pozitsiyalari jami miqdori — barcha turdagi chet el valyutalari boʻyicha qisqa valyuta pozitsiyalari yigʻindisi;
uzun valyuta pozitsiyalari jami miqdori — barcha turdagi chet el valyutalari boʻyicha uzun valyuta pozitsiyalari yigʻindisi;
bankning chet el valyutasidagi talablari — bankning chet el valyutasidagi aktivlari va “koʻzda tutilmagan holatlar” hisobvaraqlaridagi talablar;
bankning chet el valyutasidagi majburiyatlari — chet el valyutasidagi majburiyatlar va “koʻzda tutilmagan holatlar” hisobvaraqlaridagi majburiyatlar;
ochiq valyuta pozitsiyalari limitlari — har bir turdagi chet el valyutasi boʻyicha ochiq valyuta pozitsiyalari va ochiq valyuta pozitsiyalari jami miqdorining bank regulyativ kapitaliga nisbatini oʻzida ifodalovchi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan oʻrnatiladigan limitlar;
“koʻzda tutilmagan holatlar” hisobvaraqlaridagi talab va majburiyatlar — chet el valyutasidagi hosilaviy (derivativ) moliyaviy vositalari (fyuchers, forvard, svop, opsionlar va boshqalar) boʻyicha oldi-sotdi shartnomalari tuzilishi natijasida bankda yuzaga keladigan talab va majburiyatlar.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Ochiq valyuta pozitsiyasini hisoblash tartibi
2. Quyidagilar ochiq valyuta pozitsiyasi oʻzgarishiga taʼsir qiluvchi operatsiyalar hisoblanadi:
chet el valyutasini sotib olish va sotish;
Keyingi tahrirga qarang.
chet el valyutasidagi daromadlarni hisoblash;
chet el valyutasidagi xarajatlarni hisoblash;
hisob-kitoblarni amalga oshirish usuli va shaklidan qatʼiy nazar chet el valyutasidagi hosilaviy (derivativ) moliyaviy vositalari (fyuchers, forvard, svop, opsionlar va boshqalar) bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirish natijasida chet el valyutasida yuzaga keluvchi talab va majburiyatlar;
Keyingi tahrirga qarang.
chet el valyutasida amalga oshiriladigan boshqa operatsiyalar (chet el valyutasida xarid qilingan aktivlar hamda valyuta qimmatliklari bilan bogʻliq boshqa bitimlar, basharti ushbu bitimlar shartlariga muvofiq u yoki bu koʻrinishda chet el valyutasi ayirboshlanishi (konversiyasi) koʻzda tutilgan boʻlsa).
3. Ochiq valyuta pozitsiyasi hisob-kitobi har bir chet el valyutasi uchun har bir operatsiya kuni yakuni boʻyicha hisobot sanasidagi Markaziy bank tomonidan oʻrnatilgan chet el valyutasi kursining milliy valyutadagi ekvivalentida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ochiq valyuta pozitsiyasini hisoblashda bankning chet el valyutasidagi majburiyatlari miqdori uning chet el valyutasidagi talablari miqdori bilan taqqoslanadi. Bunda qisqa valyuta pozitsiyasi “-” belgisi bilan, uzun valyuta pozitsiyasi “+” belgisi bilan koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Ochiq valyuta pozitsiyasining haqiqatdagi jami miqdori barcha qisqa va uzun valyuta pozitsiyalari jami miqdorlarini alohida hisoblashda hamda barcha ochiq valyuta pozitsiyalarini hisoblashda aniqlanadi.
Milliy valyutadagi balanslashtiruvchi pozitsiyani hisoblash uchun jami uzun valyuta pozitsiyalarining milliy valyutadagi haqiqatdagi qiymati va jami qisqa valyuta pozitsiyalarining milliy valyutadagi haqiqatdagi qiymati oʻrtasidagi farq olinadi. Jami uzun pozitsiya yigʻindisi (shu jumladan, milliy valyutadagi balanslashtiruvchi pozitsiya, agar u uzun pozitsiya boʻlsa) va jami qisqa pozitsiya yigʻindisi (shu jumladan, milliy valyutadagi balanslashtiruvchi pozitsiya, agar u qisqa pozitsiya boʻlsa) oʻzaro teng boʻlishi lozim.
6. Ochiq valyuta pozitsiyasi hisob-kitobida bankning chet el valyutasidagi talab va majburiyatlari miqdori “Valyutalar savdosi va valyuta pozitsiyalari” hamda “Koʻzda tutilmagan holatlar” hisobvaraqlaridagi qoldiq asosida aniqlanadi. Ushbu hisobvaraqlarda valyuta oldi-sotdisi va boshqa valyuta qimmatliklari bilan bogʻliq operatsiyalarga oid bitimlarda, shu jumladan bitim shartlariga koʻra, u yoki bu shaklda chet el valyutasini ayirboshlash (konversiya) nazarda tutilgan operatsiyalardagi miqdor hisobi yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ochiq valyuta pozitsiyasi chet el valyutasini sotib olish yoki sotishga doir bitimlar tuzilgan sanada, shuningdek chet el valyutasidagi foiz daromadlari (xarajatlar) hisoblangan va chet el valyutasidagi boshqa daromadlar (xarajatlar) hisobvaraqqa kiritilgan (hisobdan chiqarilgan) sanada yuzaga keladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Ochiq valyuta pozitsiyalari limitlari
8. Banklarning milliy valyutaning chet el valyutalariga nisbatan qiymati oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan valyuta tavakkalchiligini cheklash maqsadida Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan banklar uchun ochiq valyuta pozitsiyasining quyidagilar boʻyicha limitlari belgilanadi:
har bir turdagi chet el valyutasi;
ochiq valyuta pozitsiyalarining jami miqdori;
qisqa valyuta pozitsiyalari jami miqdori;
uzun valyuta pozitsiyalari jami miqdori.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Belgilangan limitlardan oshgan ochiq valyuta pozitsiyalarining keyingi operatsiya kuniga oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ochiq valyuta pozitsiyalari belgilangan limitlardan oshgan taqdirda, bank tomonidan ochiq valyuta pozitsiyalarini oʻrnatilgan limitlargacha qisqartirish maqsadida joriy operatsiya kuni yakuniga qadar tegishli balanslashtiruvchi operatsiyalarni amalga oshirishi lozim.
4-bob. Ochiq valyuta pozitsiyalari limitlariga rioya etilishini nazorati va banklarning hisoboti
10. Banklar tomonidan ochiq valyuta pozitsiyalari limitlariga rioya etilishi nazorati har bir operatsiya kuni yakuni boʻyicha konsolidatsiyalashgan tartibda amalga oshiriladi.
11. Banklar oʻz filiallari uchun ochiq valyuta pozitsiyalari limitlarini mazkur Qoidalarga muvofiq mustaqil tarzda belgilaydi va bu haqda ularni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Limitlarni filiallar oʻrtasida operatsiya kuni davomida qayta taqsimlashga yoʻl qoʻyiladi.
12. Banklarning ochiq valyuta pozitsiyalari ustidan nazorat Markaziy bank tomonidan quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
har bir bank ish kuni uchun taqdim etiladigan ochiq valyuta pozitsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan inspeksiya (tekshirish) natijasida olingan maʼlumotlar;
banklar hisobvaraqlarining kunlik monitoringi.
13. Bank ochiq valyuta pozitsiyalari limitlariga rioya etmagan taqdirda, Markaziy bankka uning sabablari hamda ushbu holatni bartaraf etish yuzasidan bank tomonidan koʻrilgan choralarga oid izohni taqdim etishi shart.
14. Ochiq valyuta pozitsiyasi holati toʻgʻrisidagi hisobot bank tomonidan buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida tuziladi.
Hisobotda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
har bir turdagi chet el valyutasi boʻyicha Markaziy bank tomonidan oʻrnatilgan kurs boʻyicha chet el valyutasining milliy valyutadagi ekvivalenti asosida shakllantirilgan ochiq valyuta pozitsiyalari (uzun yoki qisqa) va mazkur pozitsiyalarning bank regulyativ kapitaliga foiz nisbati;
Keyingi tahrirga qarang.
tegishli balanslashtiruvchi operatsiyalarni amalga oshirish natijasida balanslashgan valyuta pozitsiyasi (milliy valyutada);
barcha ochiq valyuta pozitsiyalari yigʻindisi va uning bank regulyativ kapitaliga foiz nisbati.
5-bob. Yakuniy qoida
15. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 30-apreldagi 8/1-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar
roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2005-yil 28-maydagi 610-son “Ochiq valyuta mavqeyini yuritish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1497, 2005-yil 15-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 215-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2015-yil 22-avgustdagi 610-1-son “Ochiq valyuta mavqeyini yuritish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1497-1, 2015-yil 4-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 35-son, 472-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2017-yil 23-sentabrdagi 26/8-son “Ochiq valyuta mavqeyini yuritish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1497-2, 2017-yil 10-oktabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2017-y., 10/17/1497-2/0085-son).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 8-sentabrdagi 29/8-son “Ochiq valyuta mavqeyini yuritish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1497-3, 2018-yil 11-oktabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 10/18/1497-3/2041-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2021-y., 10/21/3301/0451-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 24.09.2025-y., 10/25/3301-1/0866-son; 26.08.2026-y., 10/26/3301-2/0872-son)