Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020-yildagi faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 11-maydagi SQ-80-IV-sonli Qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koronavirus pandemiyasi va uning iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha bank tizimiga yuklatilgan vazifalarga oid farmon va qarorlari hamda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida bank tizimi oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalarning bajarilishini taʼminlashga qaratilgan.
Pul-kredit siyosati inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini pasaytirish, bank tizimi likvidligini samarali tartibga solish orqali iqtisodiyotdagi inflyatsiya jarayonlari hamda prognozlarning belgilangan meʼyorlar darajasida boʻlishiga yoʻnaltirilgan.
Narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha maqsadlar doirasidan chiqmagan holda Markaziy bank asosiy stavkasining yillik 16 foizdan 14 foizgacha pasaytirilganligi iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlovchi omillardan biri boʻlgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini kamaytirishga hamda inflyatsiya darajasini 2019-yildagi 15,2 foizdan 2020-yil yakuni boʻyicha 11,1 foizgacha pasaytirishga erishilgan.
Banklarda kredit va likvidlik xatarlari ortishining oldini olish hamda pandemiyaning aholi va tadbirkorlik subyektlariga salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida 26,6 trln soʻmlik kreditlar toʻlov muddatining 2020-yilning 1-oktabriga qadar uzaytirilishi bank tizimi barqarorlik koʻrsatkichlarini maqbul darajada saqlab qolishga zamin yaratgan.
Mazkur kreditlar boʻyicha toʻlovlar muddati kechiktirib toʻlanganda jarima sanksiyalarini (penya) qoʻllamaslik hamda kredit qarzdorligini taʼminotga qaratmaslik, ushbu kreditlar tasnifini yomonroq toifaga oʻzgartirmaslik va ular boʻyicha qoʻshimcha zaxira shakllantirmaslik yuzasidan zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
2020-yilning 1-oktabridan keyin esa, faoliyatini toʻliq tiklab ulgurmagan tadbirkorlik subyektlarining 9,5 trln soʻmlik kredit toʻlovlari muddati yana 3 — 6 oygacha uzaytirilgan.
Banklarni transformatsiya qilish doirasida korporativ boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, raqamli xizmat turlarini kengaytirish hamda biznes jarayonlarini raqamlashtirish borasida toʻlov tizimining uzluksiz hamda barqaror ishlashini taʼminlash, chakana toʻlov infratuzilmasini yanada rivojlantirishda Markaziy bankning Tezkor toʻlovlar tizimi, toʻlovlarning kontaktsiz amalga oshirishning “QR-online” axborot va NFC tizimlari joriy etilgan.
Shu bilan birga, 2021-yilda Markaziy bank oldida oʻz yechimini kutayotgan va alohida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan ayrim vazifalar ham mavjud.
Bulardan, nomonetar omillarning, xususan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi konsentratsiyasining yuqoriligi va jahon bozori konyunkturasining oʻzgaruvchanligi, logistika va saqlash infratuzilmasi hamda ichki raqobat muhitining sust rivojlanganligi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishining umumiy inflyatsiya darajasidan sezilarli darajada yuqori shakllanishiga sabab boʻlmoqda.
Tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotni faol kreditlashning davom ettirilishi kelgusida banklar tomonidan kapital buferi imkoniyatlaridan ortiqcha kreditlar berilishiga, natijada banklarning moliyaviy mustahkamligi susayishiga olib kelishi mumkin.
Banklarda kreditlash manbaini shakllantirishda asosan tashqi manbalarga tayanish bank tizimida dollarlashuv darajasini oshirish bilan bir qatorda ularning tashqi omillarga taʼsirchanligi xavfini ham oshirmoqda.
Bank xizmatlari isteʼmolchilarining bank xizmatlaridan foydalanishlari jarayonida sugʻurta tashkilotini erkin tanlash huquqining tijorat banklari tomonidan taʼminlanmayotganligi holatlari mavjud.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (M. Nurmuratov):
Narxlar barqarorligini taʼminlash, narx-navo oʻsishini 10 foizdan oshirmaslik va pul-kredit siyosati instrumentlarini ushbu maqsadlarga yoʻnaltirishda:
inflyatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash uchun har bir omilning yuzaga kelishi sabablarini chuqur tahlil etgan holda ularni bartaraf etish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni hukumat, tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borsin;
iqtisodiyotga ajratilayotgan kredit qoʻyilmalari oʻsish surʼatining yalpi ichki mahsulot nominal hajmining oʻsish surʼatlari bilan muvofiqligini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrsin;
inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish hamda 2023-yilda inflyatsiya darajasini 5 foizga tushirish borasidagi ishlarning izchil davom ettirilishini taʼminlasin.
Bank tizimi moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida:
banklarning xorijiy valyutaga bogʻliqlik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish maqsadida xorijiy valyutada mablagʻlar jalb qilishda tijorat banklarining ehtiyotkor siyosat yuritishi boʻyicha choralar koʻrib borsin;
loyihalarni moliyalashtirishda tashabbuskorlarning kamida 30 foiz oʻz mablagʻi bilan ishtirok etishi shartligi toʻgʻrisidagi talabga qatʼiy rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirsin;
kreditlash hajmi banklarning moliyaviy holatidan kelib chiqqan holda bank kengashlari tomonidan belgilangan yillik biznes-reja parametrlari doirasida boʻlishini taʼminlash maqsadida makroprudensial choralarni koʻrib borsin;
banklar tomonidan mijozlar oldidagi majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishlari uchun hamda iqtisodiyotda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarga banklar bardoshliligini oshirish maqsadida ularda bosqichma-bosqich barqaror resurs zaxiralarini shakllantirish ishlarini muntazam nazorat qilsin;
banklarning 2020-yil yakuni boʻyicha olgan sof foydasini banklar kapitalini oshirishga yoʻnaltirish orqali ularning kapital buferini maqbul darajada saqlab qolish choralarini koʻrib borsin.
Bank tizimini isloh qilish, banklar faoliyatini bozor tamoyillari asosida tashkil etishni yanada kengaytirish maqsadida:
korporativ boshqaruv va risk-menejment tizimini yanada takomillashtirish, banklarning tashkiliy tuzilmasi va biznes modellarini optimallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirib, natijadorligi, xususan, davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat banklari faoliyat samaradorligi boʻyicha Senatga axborot kiritib borsin;
bank xizmatlari isteʼmolchilarining bank xizmatlaridan foydalanganda sugʻurta tashkilotini erkin tanlash huquqining tijorat banklari tomonidan taʼminlanishi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini davom ettirish orqali “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Asakabank” AJ, “Ipoteka-bank” ATIB, AT “Aloqabank”, “Turonbank” ATB va “Qishloq qurilish bank” ATBni xususiylashtirishga tayyorlash boʻyicha ishlarni jadallashtirsin hamda yil davomida kamida bitta yirik bank davlat ulushini toʻliq strategik investorlarga sotish choralarini koʻrsin;
kredit tashkilotlarini litsenziyalash, tartibga solish va prudensial nazorat qilish boʻyicha xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmak missiyasini jalb qilgan holda xalqaro tajribani tatbiq etish, Markaziy bankning hisobot tizimini baholash va ilgʻor nazorat qilish mexanizmlarini (SupTech) amaliyotga joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, amalga oshirib borsin;
banklar faoliyatini nazorat qilishning prudensial tizimini yanada takomillashtirish hamda bank nazoratida Bazel III (xalqaro) tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish va bunda tavakkalchilikka asoslangan nazorat tizimini qoʻllashni yanada kuchaytirsin.
Toʻlov tizimining barqarorligini taʼminlash va rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni bank tizimiga keng tatbiq etish maqsadida:
xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini 2021-yil 1-sentabrga qadar ishlab chiqsin;
toʻlovlarni kontaktsiz amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida savdo va xizmat koʻrsatish sohalarini QR-kod va NFC texnologiyalari bilan qamrab olishni yil yakuniga qadar 40 foizga yetkazish choralarini koʻrsin;
banklar va toʻlov tashkilotlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish jarayonida mijozlarni masofaviy biometrik identifikatsiya qilish tizimini 2021-yil 1-oktabrga qadar amaliyotga joriy etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va tijorat banklari bilan hamkorlikda hisob-kitoblar uchun qulay boʻlgan kontaktsiz toʻlov vositalarining afzalliklari toʻgʻrisida aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida targʻibot-tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish hamda toʻlov terminallarining uzluksiz ishlashini monitoring qilib borish orqali ushbu toʻlov vositalarining bozordagi ulushini oshirishning taʼsirchan choralarini koʻrsin;
Qarorning ushbu bandi ijrosi yuzasidan 2022-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga batafsil axborot taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
narxlar barqarorligini taʼminlash va inklyuziv iqtisodiy oʻsishga qaratilgan oʻzaro muvofiqlashgan makroiqtisodiy siyosat yuritilishiga erishishda tegishli vazirlik va idoralar faoliyatini tizimli muvofiqlashtirib borish;
bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash uchun oziq-ovqat xavfsizligi va taʼminoti uzluksizligiga erishish maqsadida zarur choralarni koʻrish;
investitsiya muhitini yaxshilash, raqobatni rivojlantirish va tarkibiy islohotlarni jadallashtirish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmini oshirish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oliy Majlis Senatiga har yarim yillik natijalari bilan axborot kiritib borsin.
4. Ushbu Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 23-aprel,
SQ-273-IV-son