Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning tavsiyasi toʻgʻrisida
Bugungi kunda parlamentda sidqidildan mehnat qilib, uning faoliyatiga salmoqli hissa qoʻshayotgan, saylovchilar bilan doimiy muloqot oʻrnatish va xalq manfaatlarini himoya qilishda, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun ijodkorligi va samarali parlament nazoratini amalga oshirishda faollik koʻrsatib, alohida natijalarga erishgan deputatlarni ragʻbatlantirib borish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan tizimli ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ishining samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish hamda qonun ijodkorligi, qonun hujjatlarini takomillashtirish, saylovchilar bilan doimiy muloqot oʻrnatish, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda davlat va jamiyatni rivojlantirishning strategik yoʻllarini belgilashda parlamentning rolini oshirishga salmoqli hissa qoʻshayotgan, quyi palatadagi ish faoliyatida yuqori natijalarga erishgan deputatlarni ragʻbatlantirish muhim omil hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning tavsiyasini koʻrib chiqib, bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining quyidagi deputatlariga:
Shuxrat Tagaymuratovich Polvanovga — “Adolatli deputat” maqomini;
Rasul Xidiraliyevich Kusherbayevga — “Xalqparvar deputat” maqomini;
Maksuda Azizovna Varisovaga — “Mehnatkash deputat” maqomini berish toʻgʻrisidagi tavsiyasi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining sobiq deputati Polyante Gramitonovich Sveshnikovga “Faxriy deputat” maqomini berish toʻgʻrisidagi tavsiyasi maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga “Adolatli deputat”, “Xalqparvar deputat”, “Mehnatkash deputat”, shuningdek sobiq deputatiga “Faxriy deputat” maqomlarini berish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining muhokamasiga kiritilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 5-mart,
791-IV-son