Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkaziladigan “hukumat soati” toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkaziladigan navbatdagi “hukumat soati”da muhokama qilish uchun siyosiy partiyalarning fraksiyalari tomonidan tavsiya etilgan masalalarni koʻrib chiqib hamda mamlakatimizdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining bugungi kundagi holatini, xorijiy davlatlarning tajribasini hisobga olib, zamonaviy avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha savollar yuborish taklifi ilgari surilganligini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2021-yil 6-aprel kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan “hukumat soati”da Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va transport vaziriga mamlakatimizdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining bugungi kundagi holati, shuningdek xorijiy davlatlarning tajribasini hisobga olgan holda zamonaviy avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollarni yuborish toʻgʻrisida “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi tomonidan bildirilgan taklif maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” DP fraksiyasiga (A. Kadirov), Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasiga (V. Muratkabilov) “hukumat soati”ni har tomonlama samarali hamda yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan puxta tayyorgarlik koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. Tadjiyev hamda Qonunchilik palatasi Devoni rahbari M. Miralimov ushbu tadbirni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti, Facebook va Youtube Internet platformalarida toʻgʻridan toʻgʻri uzatib borish bilan bogʻliq zarur choralarni koʻrsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-mart,
799/1-IV-son