Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
Qarori
“Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi QL-729-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi QL-729-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining xulosasi koʻrib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kelib tushgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4997-sonli Qarori qabul qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash xizmati Qoʻriqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etilganligi, bosh boshqarmaning maqomi va asosiy vazifalari, shu jumladan qoʻriqlash boʻlimlarining yaxlit tizimini shakllantirish, qoʻriqlash xizmatlari koʻrsatish sohasida samarali boshqaruvni amalga oshirish, bu sohadagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish vazifalari belgilanganligi qonun loyihasini konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 10-dekabrda kiritilgan “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi QL-729-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarilsin.
2. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-mart,
774-IV-son