Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA KIChIK GIDROENERGETIKANI RIVOJLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 743-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-maydagi PF-5044-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 18-maydagi PQ-2972-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika daryolari, suv oqimlari va barpo etilgan gidrotexnika inshootlarining gidroenergetika imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qishloq joylarning elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida kichik gidroenergetikani rivojlantirish dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekistonda kichik gidroenergetikani rivojlantirish dasturini amalga oshirish boʻyicha 2-ilovaga* muvofiq respublika komissiyasi tuzilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
* 2-ilova berilmaydi.
3. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 1996 — 2000-yillarga kapital qurilish prognozini tuzishda Dasturni amalga oshirish uchun, korxonalar va tashkilotlar, xususiy sarmoya mablagʻlari, qayta investitsiya qilingan mablagʻlar, shuningdek xorijiy investorlarning mablagʻlari jalb etilishini hisobga olgan holda, zarur mablagʻlar ustuvor tartibda ajratilishini nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va korxonalar bilan birgalikda ikki oy mobaynida respublika korxonalarida gidro kuch uskunalari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish dasturini ishlab chiqsin va zarurat boʻlganda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligining gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasiga haq toʻlash energiya bilan taʼminlovchi tashkilotlar bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar asosida umuman energetika tizimi boʻyicha elektr energiyasining oʻrtacha sotish narxi doirasida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi gidroenergetika stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan olinadigan mablagʻ qayta investitsiyalash tartibida kichik gidroenergetikani rivojlantirishga yoʻnaltirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi kam oʻrganilgan tabiiy suv oqimlarining gidroenergetika imkoniyatlaridan foydalanish sxemasini ishlab chiqsinlar va 1996-yil dekabr oyida uni amalga oshirishga oid takliflarni kiritsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi Piskom daryosida gidrouzelning texnik-iqtisodiy asoslanishi 1997-yil 1-iyulgacha puxta ishlab chiqilishini taʼminlasin va uni koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 28-dekabr,
476-son