Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA QIZILMIYA YETIShTIRIShNI KOʻPAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qizilmiya yetishtirishni qayta tiklash va koʻpaytirish, uni sanoat asosida qayta ishlashni tashkil qilish hamda oʻzboshimchalik bilan tayyorlash va sotishni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi;
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda:
oʻz tasarruflaridagi yerlarda qizilmiya oʻsishini tekshirib chiqsinlar, ushbu yer maydonlarini alohida hisobga olsinlar, qizilmiya yovvoyi holda oʻsadigan paykallarning saqlanishini taʼminlasinlar, qizilmiya tabiiy holda oʻsadigan yerlardan qurilish yoki boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻymasinlar. Qizilmiya ildizlarining gʻayri qonuniy ravishda kavlab olinishiga va respublika tashqarisiga tashib ketilishini toʻxtatishga doir qatʼiy chora-tadbirlar koʻrsinlar;
Amudaryo, Sirdaryo, Chirchiq, Angren, Zarafshon, Sherobod daryolari sohillaridagi oʻtloqlarda, zovurlar, kanallar va koʻllar qirgʻoqlarida qizilmiya yetishtiriladigan ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarish boʻlinmalari, uchastkalari, dehqon (fermer) xoʻjaliklari tashkil etish masalalarini ishlab chiqsinlar.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi:
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti bilan birgalikda asosan shoʻrlangan, paxtachilik va gʻallachilik uchun yaroqsiz yerlarda qizilmiya yetishtirish maydonlarini koʻpaytirish imkoniyatini koʻrib chiqsin. Ushbu yerlarni dehqon (fermer) xoʻjaliklariga, uchastkalariga yoki boshqa ishlab chiqarish boʻlinmalariga birkitib qoʻysin;
bir oy muddatda qizilmiya yetishtirishni yanada rivojlantirish parametrlarini belgilasin, “Qoraqalpoqlakritsa” aksionerlik-ishlab chiqarish birlashmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi va Davlat oʻrmon qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qizilmiya oʻstirish agrotexnikasini ishlab chiqsin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga metodik tavsiyalar yuborsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Oʻzfarmsanoat” konserni, “Oziqovqatsanoat” va “Oʻzkimyosanoat” uyushmalari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Davlat oʻrmon qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Qizilmiya” maqsadli dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, dasturda qizilmiya ishlab chiqarishni va uning ildizini qayta ishlashni rivojlantirish parametrlarini belgilasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi Fanlar akademiyasi, tegishli vazirliklar va idoralar, “Qoraqalpoqlakritsa” aksionerlik-ishlab chiqarish birlashmasi bilan birgalikda qizilmiya ildizini qayta ishlovchi ishlab chiqarishlarni tashkil etish haqidagi takliflarni ishlab chiqsin va 1996-yil 1-martgacha respublika Hukumatiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 16-apreldagi 161-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Qizilmiya yetishtiriladigan yerlarni, qizilmiya ildizi yetishtirish va sotish hajmlarini hisobga olish masalalari bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon qoʻmitasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 7-dekabr,
453-son