Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZISTIQBOLSTAT” DAVLAT QOʻMITASI MARKAZIY APPARATI TUZILMASIDA MAXSUS BOʻLINMA TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining moddiy-texnika resurslariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash ishlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasida maxsus boʻlinma tashkil etilsin, unga quyidagi funksiyalarni amalga oshirish yuklansin:
mamlakat mudofaasi va milliy xavfsizligi ehtiyojlari uchun harbiy-texnik anjomlar, jihozlar va oziq-ovqat xarid qilish boʻyicha davlat buyurtmalarini shakllantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini, chegara va ichki qoʻshinlarni, boshqa qoʻshin tashkilotlarini oziq-ovqat va jihozlar bilan taʼminlash normativlarini ishlab chiqish va ularni takomillashtirish;
mudofaa uchun zarur boʻlgan mahsulotlar eksporti va importi yuzasidan takliflarni asoslash.
2. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi markaziy apparati xodimlari soni tegishli ish haqi fondi bilan 3 nafar xodimga koʻpaytirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻrsatib oʻtilgan xodimlar xarajatlari uchun “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
4. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga belgilangan tartibda zarur moddiy-texnika resurslariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarni taqdim etsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari Oʻ.Q. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 10-noyabr,
431-son