Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Xalq deputatlari Mirishkor tumani Kengashining 2020-yil 19-noyabrdagi “Mirishkor tumanidagi ayrim fermer xoʻjaliklari tomonidan ajratilgan yer maydonlaridan samarali va maqsadli foydalanish ahvoli, 2020-yilda davlatga paxta xomashyosini sotish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 67/16-6-sonli qarorini oʻrganish natijalari haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning xalq deputatlari Mirishkor tumani Kengashining 2020-yil 19-noyabrdagi “Mirishkor tumanidagi ayrim fermer xoʻjaliklari tomonidan ajratilgan yer maydonlaridan samarali va maqsadli foydalanish ahvoli, 2020-yilda davlatga paxta xomashyosini sotish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 67/16-6-sonli qarorini (bundan buyon matnda Qaror deb yuritiladi) bekor qilish yuzasidan murojaati Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish natijalari koʻrsatganidek, fermer xoʻjaligi rahbari va hokimlik oʻrtasida kelishuvga erishilmagan boʻlsa-da, Qaror bilan “Narziqulov Rajab Berdiyevich” fermer xoʻjaligi bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomasini bekor qilish maʼqullangan.
Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq, agar Fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Yer kodeksining 24-moddasiga hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga asosan yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, fermer xoʻjaligi va tuman hokimligi oʻrtasida 2020-yil 13-yanvarda tuzilgan Fermer xoʻjaligi tomonidan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasining 16-bandida ham shartnoma tomonlarning kelishuviga koʻra, tomonlarning kelishuviga erishilmagan taqdirda esa — sud qaroriga koʻra oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkinligi belgilangan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga fermer xoʻjaliklari va tuman hokimligi oʻrtasidagi shartnomaviy huquqiy munosabatlarga aralashish vakolati berilmagan.
Bundan tashqari, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasiga koʻra maʼmuriy organ manfaatdor shaxsga maʼmuriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha holatlar yuzasidan oʻz fikrini bildirish imkoniyatini berishi shart.
Mazkur Qonunning 19-moddasiga koʻra maʼmuriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik maʼmuriy hujjatlarning va maʼmuriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta koʻrib chiqilishiga olib keladi.
Shunga qaramasdan, xalq deputatlari Mirishkor tumani Kengashi tomonidan yer ijarasi shartnomalarini bekor qilish masalasini koʻrib chiqishda fermer xoʻjaligi rahbarining ishtirok etishi va holat boʻyicha oʻz fikrini bildirish imkoniyati taʼminlanmagan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 302-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Mirishkor tumani Kengashining 2020-yil 19-noyabrdagi “Mirishkor tumanidagi ayrim fermer xoʻjaliklari tomonidan ajratilgan yer maydonlaridan samarali va maqsadli foydalanish ahvoli, 2020-yilda davlatga paxta xomashyosini sotish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 67/16-6-sonli qarori qonunchilikka zid deb topilsin va bekor qilinsin.
2. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (B. Tajiyev) zimmasiga yuklansin.
3. Mazkur Qaror manfaatdor tomonlarga yuborilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 12-mart,
SQ-252-IV-son