Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1995 YILNING 9 OYIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNING BORIShINI BAHOLASh VA ULARNI ChUQURLAShTIRIShNING KEChIKTIRIB BOʻLMAYDIGAN ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 31-iyuldagi 298-son qarorini bajarish yuzasidan koʻrilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida shu yilning III choragida iqtisodiy islohotlarning ikkinchi bosqichini amalga oshirish, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, inflatsiya surʼatlarini pasaytirish, milliy valyutani mustahkamlash, aholini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlashda muayyan ijobiy siljishlarga erishildi.
Yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish darajasi shu yilning 9 oyida 99,5 foizni tashkil etdi. Inflatsiyaning oʻrtacha oylik darajasi III chorakda shu yilning birinchi choragidagi 14,1 foiz va ikkinchi choragidagi 6,7 foiz oʻrniga 2,5 foizgacha pasaydi.
Korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va aksiyalashtirish, tashqi va ichki savdoni erkinlashtirish, xususiy va kichik biznesni shakllantirish va rivojlantirish jarayonlari faollashdi. Milliy valyuta — soʻmning ichki almashuvchanligi taʼminlandi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotning umumiy hajmida nodavlat sektorining ulushi uchinchi chorakda sanoatda birinchi yarim yillikdagi 32,6 foizdan 43,7 foizgacha, qishloq xoʻjaligida tegishli ravishda 93,2 foizdan 97,7 foizgacha oʻsdi. Barcha sarmoya mablagʻlaridagi nodavlat mulki ulushi oʻtgan yilgi 25,5 foiz oʻrniga 44 foizga toʻgʻri keldi. Xalq xoʻjaligidagi jami ishlovchilarning 63,6 foizi nodavlat sektorida ish bilan banddir.
Sanoatda sezilarli ijobiy siljishlarga erishildi. III chorakda sanoat mahsuloti oʻsishi 6,7 foizni tashkil etdi, oʻtgan yilga nisbatan oʻsish darajasi birinchi yarim yillikdagi 93,8 foiz oʻrniga 9 oyda 98 foizni tashkil etdi. Bazaviy tarmoqlar korxonalari barqaror ishladi. Oʻtgan davr ichida yangidan oʻzlashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi 1994-yildagi 0,3 mlrd soʻm oʻrniga 2,4 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Qishloq xoʻjaligining yalpi mahsuloti 20,8 mlrd soʻmni (1994-yil narxlarida) tashkil etdi, bu oʻtgan yilgi darajadan 8,6 foiz yuqoridir. Boshoqli don yetishtirish 1 mln tonnadan ziyodga oshdi yoki 1,7 baravar koʻpaydi. Meva va uzum yigʻib olish hajmlari oʻsdi.
Investitsiya dasturini amalga oshirish tezlashdi. Joriy yilning 9 oyi ichida 50,5 mlrd soʻm sarmoya mablagʻlari oʻzlashtirildi yoki 6u 1994-yilning tegishli davridagiga nisbatan 101,5 foizdir. Sarmoya mablagʻlarining umumiy hajmida chet el investitsiyalarini jalb etish ulushi 16 foizni tashkil etdi.
Eksportni kengaytirish dasturini bajarishga oid ishlar faollashdi. Tashqi savdo oboroti oʻsishda davom etmoqda. Tashqi savdo balansida 319,3 mln AQSh dollari miqdorida ijobiy saldo taʼminlandi.
Shu bilan birga, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ayrim vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar va uyushmalar rahbarlari korxonalarning bozor sharoitlariga moslashishiga doir zarur chora-tadbirlarni koʻrmayaptilar. Koʻpchilik yirik korxonalarda marketing va tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha tarkibiy boʻlinmalar tashkil etilmagan, resurslar taʼminoti masalasida asosan hukumatlararo bitimlar boʻyicha mahsulot yetkazib berilishiga umid qilgan holda boqimandachilik yondashuvi namoyon boʻlmoqda.
“Oʻzmashsanoat” uyushmasi, “Oʻzbaliq” korporatsiyasi va Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida korxonalarni aksiyalashtirish sust surʼatlarda amalga oshirilmoqda.
Tayyor mahsulotning normativdan ortiq qoldigʻi miqdori hamon yuqoriligicha qolmoqda. Tayyor mahsulot qoldigʻi shu yil 1-sentabrdagi holatiga koʻra 5 mlrd soʻmdan oshib ketdi. “Oʻzmashsanoat” uyushmasi korxonalarida tayyor mahsulotlar qoldigʻi 2,6 baravar (930,3 mln soʻm), “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi korxonalarida 2,5 baravar (774,5 mln soʻm), “Maxsusqotishma” respublika tashkilotida 3,7 baravar (346,6 mln soʻm) oʻsdi.
“Oʻztayyorlovsavdo”, “Oʻzbekyengilsanoat”, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat”, “Oʻzkimyosanoat” uyushmalari, “Oʻzqurilishmateriallari” konserni korxonalari mahsulotlarni eksport qilishga doir topshiriqlar bajarilishini taʼminlamayaptilar.
Bank, moliya va mahalliy boshqaruv organlari yoʻli bilan oʻzaro toʻlanmagan qarzlarni qisqartirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, kreditorlik va debitorlik qarzlari hamon yuqoriligicha qolmoqda. 1-sentabrga kelib muddati oʻtib ketgan kreditorlik qarzlari 18,6 mlrd soʻmdan, debitorlik qarzlari 22,9 mlrd soʻmdan oshib ketdi, “Oʻzqurilishmateriallari”, “Oʻzsuvqurilish” konsernlarida, shuningdek Fargʻona, Jizzax viloyatlarida debitorlik qarzlarini qisqartirish ishlari koʻngildagidek emas.
Zarar koʻrib ishlovchi korxonalar soni shu yil 1-iyuldagiga qaraganda ikki baravar qisqardi, ammo ushbu davrda zararlar summasi 841,5 mln soʻmdan 1012,7 mln soʻmgacha oʻsdi. Oʻtgan davrda 18 korxona qonunchilik bilan belgilangan tartibga muvofiq bankrot deb eʼlon qilindi.
Samarqand viloyatida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Viloyatdagi ijroiya hokimiyat organlarining boʻsh tashkilotchilik ishlari oqibatida 1994-yilning shu davridagiga qaraganda ishlab chiqarishning pasayishi davom etmoqda; sanoat mahsuloti — 82 foiz, xalq isteʼmoli tovarlari — 77,5 foiz boʻldi. Viloyatning 152 korxonasidan 101 tasi ishlab chiqarish surʼatini pasaytirib yubordilar, ulardan 30 korxona 1994-yilning 9 oyidagiga qaraganda 2 baravar kam mahsulot ishlab chiqardi.
Qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar zarur samara bermayapti. Viloyat xoʻjaliklari joriy yilda davlat resurslariga 62 ming tonna boshoqli don kam yetkazib berdilar, paxta tayyorlash topshirigʻini uddalay olmayaptilar. Sabzavotchilikda, yem-xashak yetishtirishda yerdan foydalanish samarasi pasayib ketmoqda.
Viloyatda moliyaviy ahvol yaxshilanmayapti, emissiya darajasi belgilangan 7 foiz oʻrniga 30 foizga yetdi. Kreditorlik qarzlari 3808,7 mln soʻmdan 3463,7 mln soʻmgacha kamaygani holda debitorlik qarzlari iyul, avgust oylarida 3111,7 mln soʻmdan 5177,5 mln soʻmgacha koʻpaydi. Viloyat iqtisodiyotiga investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini jalb qilishga zarur eʼtibor berilmayapti. 92 qoʻshma korxonadan faqat 38 tasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida samarali bozor mexanizmlarini joriy etish ishlari sust amalga oshirilmoqda, bu ishlab chiqarish surʼatlarining pasayishiga, zararlar summasining koʻpayishiga, debitorlik va kreditorlik qarzlari oʻsishiga olib keldi.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qayd etilsinki, uchinchi chorakda mahsulot ishlab chiqarish surʼatlarini oshirish, iqtisodiy koʻrsatkichlarni yaxshilash yuzasidan muayyan ishlar qilingan.
2. Samarqand viloyati hokimligining iqtisodiy islohotlarga rahbarlik qilish va ularni amalga oshirishga oid ishlari qoniqarsizligi qayd etilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga P.M. Abdurahmonovning Samarqand viloyati hokimi lavozimida qolishining maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida taklif kiritilsin.
3. “Oziqovqatsanoat” uyushmasi (Qosimxoʻjayev)ning uchinchi chorakda iqtisodiy koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlashga doir yetarlicha ish olib bormayotganligi hamda Sirdaryo (Hasanov), Buxoro (Rahmonov) viloyatlari hokimliklarining bozor tuzilmalarini rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha tashkilotchilik ishlarining sustligi qayd etilsin.
“Maxsusqotishma” respublika tashkiloti, “Oʻzbaliq” va “Oʻzsanoatxoʻjalikqurilish” korporatsiyalari rahbarlari ishlab chiqarish hajmlari oʻsishi surʼatlari pasaytirilganligi, ishlab chiqarish quvvatlaridan yetarli foydalanilmayotganligi va korxonalarning moliyaviy ahvoli yomonlashganligi uchun ogohlantirilsinlar.
4. “Oʻzmashsanoat”, “Oʻzeltexsanoat” uyushmalari, “Oʻzqurilishmateriallari” konserni rahbarlarining eʼtibori ular tomonidan normativdan ortiqcha tovar zaxiralarini qisqartirishga doir amaliy chora-tadbirlar koʻrilmayotganligiga qaratilsin. Ulardan xaridorgir boʻlmagan mahsulotlarni ishlab chiqarishni toʻxtatish qatʼiy talab qilinsin.
5. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi:
1996-yilga moʻljallangan makroiqtisodiy prognozlar va respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishni tugallasin hamda ularni belgilangan muddatlarda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda eksport imkoniyatlarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin hamda Hukumatning koʻrib chiqishi uchun kiritsin.
6. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi texnikasi va mineral oʻgʻitlar tannarxi va narxini oʻrganib chiqsinlar va bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ularni pasaytirishga oid takliflar kiritsinlar.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
korxonalar va tashkilotlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yerlardan foydalanish samaradorligini oʻrganib chiqsin hamda ushbu yerlardan qoniqarsiz foydalanilgan taqdirda ularni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
dagʻal va shirali ozuqa tayyorlashni tugallash, chorva mollari qishlovi davrida ulardan oqilona foydalanish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar koʻrsin;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 1996-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari maydonlarini nazorat tartibida oʻlchashni amalga oshirsin va tegishli statistika hisobotining ishonchliligini tekshirib chiqsin. Natijalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasini xabardor qilsin.
8. Davlat mulki qoʻmitasi:
kurslar, seminarlar, biznes-maktablar va mashgʻulotlarning boshqa shakllarini tashkil etish yoʻli bilan tadbirkorlik tuzilmalari rahbarlari va mutaxassislarini iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va chuqurlashtirish, bozor oʻzaro munosabatlari koʻnikmalarini egallash masalalari boʻyicha oʻqitish ishlarini faollashtirsin;
hokimliklar bilan birgalikda fond birjalarining faoliyatini jonlantirish, ularning tarmoqlarini kengaytirish hisobiga, shuningdek ushbu jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida keng targʻib qilish asosida aksionerlik jamiyatlari qimmatli qogʻozlari sotilishi koʻlamlarini kengaytirsin;
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan mablagʻlar tushishining ahvolini bir oy muddatda tahlil etsin hamda belgilangan tartibning buzilishi va uni bajarmaslikning aniq dalillari toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga bildirishnoma kiritsin.
9. Koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmi pasayib ketishi, isteʼmol bozorida ishlarning yomonlashuvi va naqd pulni qaytarish yuzasidan koʻrilayotgan choralarning yetarli emasligi tufayli Navoiy, Jizzax, Xorazm, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida naqd pul emissiyasining darajasi yuqori ekanligi qayd etilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
emissiyani qisqartirish maqsadida ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirish va isteʼmol bozorini xalq isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish, naqd pul mablagʻlarining qaytarilishini taʼminlash uchun aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sohasini kengaytirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar;
Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda shu yilning dekabr oyida savdo, xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, boshqa savdo qiluvchi tashkilotlarni ularda kassa apparatlari mavjudligi va ular roʻyxatdan oʻtkazilganligi xususida hamma joyda tekshirishdan oʻtkazsinlar. Kassa apparatlari mavjud boʻlmagan taqdirda savdo tashkilotlarining bundan keyin faoliyat koʻrsatishini taqiqlasinlar;
Markaziy bankning konvertatsiya huquqini beruvchi patentiga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar sonini koʻpaytirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar hamda patent egalari imkoniyatlaridan eng koʻp darajada foydalanilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar.
10. Vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda debitorlik va kreditorlik qarzlarini oʻrganib chiqsinlar, muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarga alohida eʼtibor bersinlar hamda yil oxirigacha ularni sezilarli darajada qisqartirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar.
11. Vazirlar Mahkamasi komplekslari 1995-yilning prognoz koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlash maqsadida har oyda oʻzlariga qarashli tarmoqlardagi iqtisodiy islohotlarning yakunlarini koʻrib chiqsinlar va islohotlarni amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 30-oktabr,
417-son